Harbiy chavandozlar kuch sinashdi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism dala maydonida milliy etnosport turniri - ot poygasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bellashuvda Mudofaa vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya va Bojxona qo‘mitasidan tashkil topgan jamoalar chavandozlik mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Dastlab 800 metrli poygada 1- va 2-o‘rinni “Latos” va “Limon” laqabli xizmat otlari bilan ishtirok etgan DXX Chegara qo‘shinlarining III darajali serjanti Rafiqjon Zokirjonov hamda II darajali serjant Ulug‘bek Avazov egalladi. 3-o‘rin esa “Tumor” laqabli tulpor bilan maydonga tushgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi Og‘abek O‘rolovga nasib etdi.
[gallery-20216]
Xuddi shunday, ming metr masofaga otda chopishda ham chegarachilar raqiblarga nisbatan o‘z ustunligini ko‘rsatdi. Faxrli 1-o‘rinni “Qibray” laqabli ot bilan harbiy xizmatchi Ma’ruf Tog‘ayev, 2-o‘rinni III darajali serjant Ahror Suyarov “Sazan” oti bilan qo‘lga kiritdi. 1 ming 200 metrli poygada esa Mudofaa vazirligining mahoratli chavandozi Og‘abek O‘rolov bu safar “Raketa” laqabli tulpori bilan birinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi.
Eng uzun – 1 ming 400 metr masofada kechgan bellashuvda Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi birinchi, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi ikkinchi hamda Milliy gvardiya jamoasi vakili faxrli uchinchi o‘rinni zabt etdi.
Umumjamoa hisobida 1-o‘rinni DXX Chegara qo‘shinlari egallagan bo‘lsa, 2- va 3- o‘rinlarni Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya jamoalari qo‘lga kiritdi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA