Har qarich yerdan samarali foydalanish muhim
So‘nggi vaqtlarda dunyo hamjamiyatida sodir bo‘layotgan hodisalar iqtisodiyotning barcha sohalari kabi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tanqisligi kelib chiqishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Har bir davlatning iqtisodiy barqarorligi mamlakat eksport salohiyati bilan bog‘liqdir. O‘z o‘rnida sohani yanada takomillashtirish va jahon bozorini raqobatbardosh mahsulot bilan ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Ma’lumki, milliy iqtisodiyotimizda qishloq xo‘jaligi sohasi muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda sohani rivojlantirishda kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni qo‘llash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, ushbu harakatlar normativ hujjatlar bilan mustahkamlandi. Ko‘plab imkoniyatlar va zarur shart-sharoitlar yaratib berildi.
Qishloq xo‘jaligida yangidan tashkil etilgan tizim – klasterlar ham o‘z natijasini bera boshladi. Hosildorlik oshishi, suv tejash va mineral o‘g‘itlar tejamkorligi bilan birgalikda ekilgan mahsulotning egasi ham paydo bo‘ldi. Umid bilan ekilgan har bir nihol tayyor mahsulotga aylangunga qadar bo‘lgan davr uchun tizim yaratildi.
Albatta, yuqori natijaga erishish tez fursatda bo‘lmaydi. Bunga ilmiy asoslash, amaliy tajriba va dunyo tajribasini chuqur tahlil qilish orqali bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilgan. Bugun importni keskin kamaytirish, ichki imkoniyatlarni yo‘lga qo‘yish, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va uning salohiyatini oshirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatining tub manfaatlarini ko‘zda tutadi. Buning uchun milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida marketing tadqiqotlari tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.
Respublikamizda yil sayin meva va sabzavotlar yetishtirish hajmi ortmoqda. Ammo xalqaro darajadagi raqobat muhiti qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida ularning sifat darajasiga alohida e’tibor qaratishni talab etmoqda. Meva va sabzavotlarning sifati, bir tomondan, ularning turi va naviga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ularni terish va uzish muddatlari hamda saralash, tovar holatiga keltirish, joylash, tashish, saqlash usullariga to‘liq rioya qilib borishga ham bog‘liqdir.
Oziq-ovqat xavfsizligining oldini olish uchun har bir qarich yerdan unumli foydalanish, fermer xo‘jaligi yerlari va aholi tomorqa yerlarining ariq va zovurlar bilan tutash hududlarining yoqalariga oshqovoq, kungaboqar va dukkakli ekinlar ekish, shu bilan birga uzum va bog‘lar oralig‘iga sabzavot ekin turlarini ekish maqsadga muvofiqdir.
Shavkat Jalolov,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
O‘zA