Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir... (+video)
O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, Boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur millatimizning eng yorqin vakillaridan biridir.
Bugun jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxs, betakror iste’dod sohibi bo‘lgan shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 542 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi Toshkent shahar Bolalar kutubxonasida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Boburxonlik kechasi hamda yangi nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda pedagoglar va o‘quvchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida Bobur hayoti, ijodi va ilmiy merosi haqida so‘z bordi, o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, Bobur g‘azallari bilan ataluvchi kuylar ijro qilindi.

—Zahiriddin Muhammad Bobur she’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortiq. Shulardan 119 tasi g‘azal, 231 tasi ruboiy. Bobur tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlarda ham asarlar yaratgan, — deydi Toshkent shahar Bolalar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Inobat Umarova. —Tarixdagi buyuk bobokalonlarimizning ijodiy merosi biz uchun ulkan ma’naviy xazinadir. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li oson kechmagan. O‘z yurtining sog‘inchi armon bo‘lsada, Bobur hukmronligi davrida Hindiston gullab-yashnaydi. Adabiyot, san’at, shaharsozlik rivojlanadi. Uning o‘g‘illari va avlodlari davrida Hindiston qudratli mamlakatlardan biriga aylandi. Bobur adolatparvarlik, insonparvarlik tuyg‘ularini madh etgan.
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.
Bobur lirikasi nasihatlarga boy, sodda va samimiydir. Oradan besh asrdan ortiq vaqt o‘tibdiki ulug‘ mutafakkir bobolarimiz, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma’naviy merosi butun dunyoni hayratga solib kelmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FWrn7HvGWZQ" title="Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA