Har doim ogoh va sergak bo‘lish darkor
Buxoroda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tizimida faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun o‘quv- seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekistonda yangi uyg‘onish – Uchinchi Renessans davrida ayol ma’rifatining mohiyati”, “Buzg‘unchi oqimlar: ularning maqsadlari va targ‘ibot yo‘llari”, “Jamiyatda ayollar, yoshlar o‘rtasida bid’at va xurofotlarning oldini olishda otinoyilarning turli jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi vazifalari”, “Ma’naviy ma’rifiy tarbiyaga muhtoj oilalar bilan ishlash”, “Firibgarlik hamda o‘g‘irlik jinoyatlarini oldini olish, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlik yo‘nalishlari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Xotin-qizlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularning huquqiy ong va madaniyatini oshirish, turli yot g‘oyalarga tushib qolmasliklari uchun targ‘ibot tadbirlarini olib borish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, og‘ir ahvoldagi oilalar, shuningdek, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi oilalarning ayollari, voyaga yetmagan bolalari bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, mahallalarda o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish borasidagi ogohlantiruv hamda tushuntirish ishlarini muntazam amalga oshirish borasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ta’kidlandi. Ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Asosiy e’tibor jinoyat qurboniga, ayniqsa, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini va uzviy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishib olindi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov qatnashdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri