Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish masalalari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
2021 yilning o‘tgan davri mobaynida vazirlik tomonidan keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilgan ishlar, shuningdek, kelgusida rejalashtirilgan vazifalar haqida tadbir ishtirokchilariga zarur ma’lumotlar berib o‘tildi.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyilini hayotga tatbiq etish maqsadida 172 638 nafar tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan va ishsiz yoshlarga respublika bo‘yicha jami 35 212 nafar nuroniy biriktirildi, – deydi Mahala va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Keksalar va faxriylar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Norov.
– Ayni vaqtda ushbu nuroniylar ishtirokida yoshlar ma’naviyatini oshirish, ularning vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida qator ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, afv etilgan shaxslar, notinch oila a’zolari bilan muloqotlar natijasida farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-onalarning 2455 nafari ro‘yxatdan chiqarildi. Nuroniylar tashabbusi bilan voyaga yetmagan shaxslarning bir qanchasi profilaktik hisobdan o‘chirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslarning bunday illatdan xalos bo‘lishiga erishildi.
Tan olish kerakki , “Mahallaning egasi menman, har qanday qarorni o‘zim hal qilaman”, deguvchi qo‘shtirnoq ichidagi ayrim oqsoqollarga mahalladagi notinch, muammoli oilalar bilan ish olib borishda keksalarning hayotiy tajribasi, og‘ir-vazminlik bilan ish tutishlari asqatmoqda. Chunki eng katta qiyinchiliklar, muammolar inson kutmagan vaqtda paydo bo‘ladi. Ayrim muammolarni yechishda qonun himoyachilari ham ikkilanib turgan vaziyatlarni ba’zida nuroniylarning pand-nasihatlari, o‘gitlari hal etishi mumkinligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.
Shunday ekan, “Qariganda yoshlikdagiga qaraganda ko‘proq ish qilish kerak”, degan naqlning hayotiy isboti sifatida keksa avlod vakillarining ish tajribasi, hayotdagi yutuqlaridan unumli foydalanish har birimiz uchun hayotiy zarurat.
Matbuot anjumani ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p yoritilayotgan xotin-qizlar zo‘ravonligiga oid, shuningdek, ikki yoshgacha to‘lanadigan bola pullarini taqsimlashda mahallalarda yo‘l qo‘yilayotgan muammolar borasida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga vazirlik mutasaddilari atroflicha javob berdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA