Har bir inson uchun munosib mehnat muhiti yaratilishi lozim
Jamiyat taraqqiyoti inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaro uchun teng imkoniyat yaratish bilan o‘lchanadi. Bugun O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat qilish, o‘qish va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yangi bosqichga chiqmoqda. Bu yo‘nalishda faollik ko‘rsatayotgan tadbirkorlar va korxonalar esa nafaqat iqtisodiy, balki katta ijtimoiy mas’uliyatni ham zimmasiga olmoqda.
Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Inson uchun – 2026” III an’anaviy festivali doirasida jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh tashabbuskor va ijtimoiy mas’uliyatli tadbirkorlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Inklyuziv ish beruvchi – 2026” mukofoti bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning bandligini ta’minlash, ular uchun qulay va inklyuziv mehnat muhitini yaratish, inson qadrini ulug‘lash yo‘lida samarali faoliyat olib borayotgan ish beruvchilarni e’tirof etish maqsadida topshirildi.


Bundan tashqari “Inson uchun” festivali doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishilgan. Xususan, bandligi ta’minlangan nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 2023-yildagi 72 ming nafardan 2025-yilda 234 ming nafarga yetib, qariyb uch barobarga oshgan. Inklyuzivlikni ta’minlayotgan korxonalar soni ham yil sayin ortib bormoqda. O‘tgan 2025-yilda 27 mingta korxona inklyuziv muhit yaratgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ularning soni 38 mingtaga yetdi. Xususiy korxonalar soni esa 21 mingdan 30 mingtagacha oshdi.


Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun elektron bandlik platformasi ishga tushirildi. Unda 7,3 mingta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 69 mingta bo‘sh ish o‘rni joylashtirildi. Platforma orqali 124 mingdan ortiq elektron rezyume shakllantirilib, 53 mingdan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Davlat tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish joylarini moslashtirish uchun subsidiyalar, soliq imtiyozlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Bu kabi tashabbuslar jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda har bir inson uchun teng imkoniyat yaratish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA