Har bir bola eʼtiborda, qonun himoyasida
Bolalarni eʼzozlash, ularning komil inson boʻlib ulgʻayishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatida muhim oʻrin tutadi.
Bolalarni eʼzozlash, ularning komil inson boʻlib ulgʻayishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatida muhim oʻrin tutadi.
Shuning uchun ham Oʻzbekiston BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilgan. Konvensiyaga muvofiq milliy qonunchilik yaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlariga oid muhim meʼyorlar eʼtirof etilgan. Bolalarning qonun himoyasida ekani, ular voyaga yetgunlaricha eʼtiborda boʻlishi, bepul taʼlim olishi kabi meʼyorlar oʻrin olgan.
2008-yil 7-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Unda bola huquqlariga oid meʼyorlar kengroq aks ettirildi.
2020-yil 17-avgustdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonunda ham bolalar huquqlari kafolatlari oʻrin oldi. Muhimi, bolalar mehnatidan foydalanmaslik, ularni qullikdan himoya qilishga oid qoidalar belgilandi.
Mazkur qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari - Bola huquqlari boʻyicha vakil va Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzonlandi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi raisi Nodira Karimova memorandumni imzolash jarayonida oʻzaro hamkorlik bolalar manfaatlariga xizmat qilishini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishini taʼminlash, bola huquqlarini himoya qilish milliy institutlarining rolini yana-da kuchaytirish, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda aholining bola huquqlari sohasidagi ijtimoiy tafakkurini oshirishga koʻmaklashish ijtimoiy hamkorlikning asosi boʻlib xizmat qiladi.