Haqiqiy mahorat maydoniga aylandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri – “Ittifoq kubogi” uchun harbiy-sport musobaqasi tashkil etildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ittifoqi hamkorligida Nukus shahridagi oliy ta’lim muassasalarining “Qalqon” jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu musobaqa yoshlarning harbiy tayyorgarligi, jismoniy chiniqqanligi va jamoaviy birdamligini namoyon etuvchi haqiqiy mahorat maydoniga aylandi.
Musobaqada turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar o‘zlarining kuch-g‘ayrati, chaqqonligi va matonatini sinovdan o‘tkazdilar. Ishtirokchilar harbiy estafeta, turnikda tortilish, 24 kilogrammli tosh ko‘tarish, AK-74 avtomatini to‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish hamda arqon tortish kabi harbiy-amaliy va sport yo‘nalishlaridagi shiddatli bahslarda bellashdilar.
Musobaqa davomida yoshlar nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki tezkor fikrlash, intizom, mas’uliyat va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini ham namoyish etdilar. Ayniqsa, harbiy estafeta va qurolni qismlarga ajratib-yig‘ish shartlarida qatnashchilarning puxta tayyorgarligi, Vatan himoyasiga bo‘lgan yuksak mas’uliyat hissi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tgan musobaqa yakunida eng kuchli va eng munosib jamoalar aniqlandi. G‘olib va sovrindorlar homiy tashkilotlar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Musobaqaning mutlaq g‘olibi sifatida Qoraqalpoq davlat universitetining “Qalqon” jamoasi e’tirof etildi. Talabalar barcha shartlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar hamda “Ittifoq kubogi” sohibiga aylanishdi. Ushbu muvaffaqiyat ularga O‘zbekiston Respublikasi bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmani ham taqdim etdi.
“Ittifoq kubogi” uchun o‘tkazilgan ushbu harbiy-sport musobaqasi yurtimiz yoshlari har qanday sinovga tayyor, ularda g‘alabaga bo‘lgan ishonch, Vatanga sadoqat va yuksak maqsadlar sari intilish ruhi mustahkamligini namoyon etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari