Hamyurtlarimizning dastlabki muvaffaqiyatlari
Janubiy Koreyaning Seul shahrida ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan V Butunjahon o‘yinlarida hamyurtlarimiz munosib ishtirok etmoqda.
Janubiy Koreyaning Seul shahrida ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan V Butunjahon o‘yinlarida hamyurtlarimiz munosib ishtirok etmoqda.Xalqaro ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi tomonidan har to‘rt yilda tashkil etiladigan mazkur nufuzli musobaqada 60 davlatdan 6 ming nafardan ziyod ishtirokchi sportning 9 turi bo‘yicha bahslashmoqda. Butunjahon o‘yinlarida 15 nafar sportchimiz suzish, yengil atletika va dzyudo bo‘yicha qatnashmoqda.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, musobaqaning ilk kunida sportchilarimiz bittadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
2014-yilgi Paraosiyo o‘yinlarida uch marta shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan hamyurtimiz Dmitriy Xorlin 200 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha eng yaqin ta’qibchilari rossiyalik Sergey Punko va estoniyalik Kaymar Kaldmani ortda qoldirib, 02:01.79 natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Terma jamoamizning eng yosh sportchilaridan Muhammad Abduraimov 100 metr masofaga batterflyay usulida suzishda 01:07.43 natija ko‘rsatib, kumush medal bilan taqdirlandi. Yana bir sportchimiz Shahzod Jumaniyozov 50 metrga brass usulida suzishda 00:34.02 natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Bugun sportchilarimiz yengil atletika va dzyudo bo‘yicha o‘tkaziladigan bahslarda ishtirok etadi.