Hamyurtlarimiz xalqaro turnir shohsupasida
Qozog‘istonning Atirau shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda yurtimiz charm qo‘lqop ustalari munosib ishtirok etib, to‘rt oltin, bir kumush va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Qozog‘istonning Atirau shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda yurtimiz charm qo‘lqop ustalari munosib ishtirok etib, to‘rt oltin, bir kumush va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘nga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan turnirning vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarida hamyurtimiz Shahobiddin Zoirov qozog‘istonlik Baqxoja Inoyatullayev, Rashid Salauatov va Oljas Bayniyazovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Yana bir iqtidorli sportchimiz, boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida tengsiz ekanini isbotladi. U iordaniyalik Oday Alhindaui, qozog‘istonlik Rustam Jumag‘ulov, Jandos Hayrullayevni yengib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bellashuvda rossiyalik Vladislav Fedyurin ustidan ishonchli g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida qatnashgan Odil Aslonov ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. U qirg‘izistonlik Yerkin Bolotbek ulu, qozog‘istonlik Mag‘jan Amangeldiyev, suriyalik Mouyen Aziz Abdal, finalda esa yana qozog‘istonlik bokschi Amandiq Manashevni yengib, birinchi o‘rinni egalladi.
Mirzohid Abdullayev vazni 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslarda qozog‘istonlik Dinmuhammad Tasibayev, Yesenali Shungarin, iordaniyalik Husayin Eshayish ustidan g‘alaba qozondi va oltin medal bilan taqdirlandi.
O‘z vazn toifasida Shuhrat Abdullayev kumush, Elshod Rasulov va Ravshanbek Shermatov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari birinchi o‘rinni egalladi.