Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida Xitoy – O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy Xalq Respublikasining Shandun viloyati xalq kongressi doimiy komissiya raisi o‘rinbosari Van Lyan, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov, hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Joriy yil boshidan beri Toshkent viloyatidan Xitoyga eksport hajmi 205,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 116 foizga ko‘p demakdir.


Toshkent viloyati va Shandun provinsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi. Biznes forum ishtirokchilari loyihalarni amalga oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini yanada jadallashtirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan yaqindan tanishdi.


Ikki davlat vakillari ishtirokida V2V formatidagi uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida ham yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish borasidagi takliflar ko‘rib chiqildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri