Hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Toshkent viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda, ikki hududning tadbirkorlari, mas’ul tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Dastlab mehmonlarga Yuqori Chirchiq tumanidagi “AZIYA TASHKENT TEXTILE” korxonasi faoliyati tanishtirildi.


2022-yilda ishga tushirilgan mazkur loyiha qiymati 54,4 million dollarga teng bo‘lib, korxonada yiliga 300 milliard so‘mlik 10 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqariladi. Barcha texnologik uskunalar Shveysariya va Italiya davlatlaridan keltirilgan. Ayni paytda 900 ta ish o‘rni yaratilgan.
So‘g‘d viloyat hokimi Rajabboy Ahmadzoda korxonada olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi va mas’ullar bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng hudud markazida biznes forumning ochilish marosimi tashkil etildi.


Ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yanada rivojlanib, mintaqaviy hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda.
Forumda mehmonlar uchun Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati taqdimot qilinib, oxirgi yillarda sanoat, iqtisodiyot, turizm kabi ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Jumladan, Toshkent viloyatida faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan joriy yilning yanvar- aprel oylarida Tojikiston davlati bilan tashqi savdo aylanmasi 11,6 million dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, eksport qilingan mahsulotlar orasida elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot miqdori ko‘p.

Forumda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ikki viloyat rahbarlari tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri