Hamjihatlik har qanday muammoni yengadi
Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan soʻng dorixonalarda tibbiyot niqoblariga talab yana-da kuchaydi.
Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan soʻng dorixonalarda tibbiyot niqoblariga talab yana-da kuchaydi. Koʻplab dorixonalardan uni topish amrimahol boʻlib, narxi ham oshdi.
Xususan, Fargʻona viloyatida dastlab tibbiyot niqoblarida taqchillik kuzatilgandek boʻldi, ammo endilikda barchasi izga tushmoqda. Koʻplab saxovatli insonlar bu buyumlarni bepul tarqatishni boshlashdi. Dangʻara tumanidagi “Ayubxon tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Bagʻdod, Buvayda, Furqat tumanlaridagi dorixonalar ham ana shunday tashabbus bilan chiqishdi.
Buvayda tumani markazida joylashgan “Qalb shifo farm” dorixonasi rahbari Sirojiddin Turgʻunov “Virusni yengish uchun birlashamiz!” aksiyasini boshlagan va aholiga yordam tariqasida bepul tibbiy niqob tarqatmoqda. “Ayubxon tekstil”da asosan erkaklar uchun kiyim-kechak va paypoq ishlab chiqariladi. Koronavirus sabab tibbiyot niqoblariga boʻlgan talab oshgani bois, ayni paytda korxonada tibbiyot niqoblari ham ishlab chiqarilib, dorixonalarga 500 soʻmdan yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, tuman markazida maxsus savdo rastasi tashkil etilib, aholiga tibbiy niqoblar bepul tarqatilmoqda.
Quva tuman maʼmuriy sudi tomonidan mahallalardagi ehtiyojmand oilalarga tibbiyot niqoblari, antiseptik gel va boshqa vositalar ulashildi.
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida yaqinda ish boshlagan “Pipitto” korxonasi ham xayrli tashabbusni boshladi. Bolalar tagliklari va ayollar gigiyenik vositalarini ishlab chiqaradigan korxonada ayni kunlarda tibbiyot niqoblari ishlab chiqarilmoqda. Bir sutkada bu yerda 400 ming dona yarim tibbiyot niqoblari tayyorlanayotgan boʻlib, tikuvchilik korxonalari bilan tuzilgan shartnoma asosida u tayyor mahsulot holiga keltirilib, aholiga yetkazib berilyapti.
Fargʻonada aholining tibbiyot niqoblariga boʻlgan talabi ana shunday yoʻllar bilan qoplanmoqda.