Hamidulla Akbarovning yangi kitoblari taqdimot qilindi
Taniqli jurnalist Hamidulla Akbarov jurnalistika, adabiyot, kinoshunoslik sohasida samarali ijod qilayotgan ijodkordir. Ijodkorni yana san’at darg‘alari hayoti, faoliyatini puxta biluvchi jonli tarix, deb atash mumkin.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan mazkur ijodiy tashkilot a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Akbarovning “Diydor ko‘rishganga nima yetsin” hamda “Maroqli fasllar, e’zozli musohiblar” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, adabiyotshunos olim Naim Karimov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar Hamidulla Akbarov o‘z shogirdlariga har jihatdan namuna bo‘lishga arzigulik ustoz ekanini ta’kidladi.
[gallery-8451]
– Kinoni qanday ko‘rish, uni teran tahlil etishda Hamidulla Akbarovning izlanishlari beqiyosdir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Ayni paytda domla yurtimiz ziyolilarining eng ilg‘ori, fidoyi vakillaridan biridir.
– Ustozning kino haqidagi fikrlari barchamiz uchun g‘oyat muhimdir, – dedi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. – Ayni paytda ustoz Hamidulla Akbarov barcha ommaviy axborot vositalarida san’at, adabiyot, jurnalistika, kinematografiya vakillari, sohadagi dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqqan jurnalistdir.
Darhaqiqat, Hamidulla Akbarov san’at, adabiyot, kino, jurnalistika bilan birga qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ziyolilarimizning pok nomlarini tiklashda, ularning faoliyatini o‘rganish, tadqiq etishda zahmatli mehnatlari , izlanishlari bilan xalqimiz hurmatini qozongan ijodkor.
“Maroqli fasllar, e’zozli musohiblar” kitobida adabiyotimiz, san’atimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan atoqli ijodkorlar, san’atkorlar bilan o‘tkazilgan damlar qalamga olingan. Ular o‘ziga xos falsafiy mushohadalar, serhikmat lavhalarga boy. Kitob “Adabiyot” nashriyotida Luqmon Bo‘rixon muharrirligida chop etilgan.
Hamidulla Akbarovning “Diydor ko‘rishganga nima yetsin” kitobi teatr va kino darg‘alarining kashf etilmagan qirralari, hayoti, faoliyati, yorqin xotiralar haqida hikoya qiladi. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijod uyida chop etilgan ushbu kitobga filologiya fanlari doktori Ra’no Ibrohimova, san’atshunoslik fanlari doktori Oltinoy Tojiboyeva taqriz yozgan.
– Bu kitoblarni yozishda ota-onam oldidagi burchimni ado etishni niyat qilganman, – dedi ijodkor Hamidulla Akbarov. – Garchi bolaligim urush, qahatchilik yillariga to‘g‘ri kelsa-da, bolaligim Abdulla Qodiriy ta’riflagan gul rangida namoyon bo‘ladi. Men kitoblarda shularning barini qog‘ozga tushirishga intildim.
Tadbirda ustoz Hamidulla Akbarov faoliyati, uning yangi kitoblari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri