Ham uzumzor, ham tomorqa — ikki karra daromad degani
O‘zbekiston quyoshli o‘lka, yerga nima eksang, unib, hosil beradi, degan gapda jon bor. Unumdor tuproqlarimizda dehqonu bog‘bonlarning mehri, mehnati bilan pishib yetiladigan mazali meva-sabzavotlarimiz dunyoning har burchagida o‘z xaridorlariga ega.
Ayniqsa, xusayni, toyfi, Rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish singari uzumlarimizning dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan.
Yurtimizda azaldan uzumchilik an’anasi rivojlangan. Har bir ko‘cha, xonadonda tok bo‘lgan. Tok so‘rilarida pishib yetilgan uzumlarni momolarimiz savatlarga solib, uy sharoitida quritgan holda, mayizlar ham tayyorlagan. Xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan uzumchilik davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda zamonaviy soha sifatida rivojlanib, odamlarning daromad manbaiga aylanmoqda. Yurtdoshlarimiz uzumchilik yuqori daromad manbai ekanini anglab, uni katta maydonlarda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali rizq topyapti, minglab insonlarni ish bilan ta’minlayapti.
bugungi kunda yurtimizda fermer xo‘jaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilayotgan bo‘lsa, tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band. So‘nggi to‘rt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so‘m subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko‘paydi.
Sohani yanada rivojlantirish, uzumchilik bilan shug‘ullanishni ko‘zlagan yurtdoshlarimizga imtiyozlar berish maqsadida joriy yilning 28 iyul kuni «Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unda 2021 yil 1 sentyabrdan aholi tomorqalari, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmlarini joriy etish belgilandi. Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 48 ta tuman uzum yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan bo‘ldi. Mazkur tumanlardagi 156 ming gektar maydonda jumladan, 25,5 ming gektarga aholi tomorqalarida serhosil, eksportbop uzumzorlar barpo etilib, ularni iste’molchiga yetkazishga qadar uzluksiz tizim yaratiladi.
Ayni paytda ana shu ishlarni tashkillashtirish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan faol ishlar olib borilmoqda. 2021 yil kuz oyi va 2022 yil bahor oylarida respublikadagi 48 ta tumandagi 658 ming aholi tomorqalariga 25,7 ming dona serhosil, eksportbop uzum navlarini ekish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirildi.
O‘rganishlar jarayonida odamlarning uzumchilikka bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, turli ko‘rinishdagi yengillik va imtiyozlar bog‘dorchilikda suyagi qotgan yurtdoshlarimizni yanada ruhlantirdi, asosiy daromadi uzumchilikdan bo‘lgan mirishkorlarni o‘z ishidan qoniqmaslik va yana ildam qadamlar bilan odimlashga undadi. Bugun shu yo‘nalishda mehnat qilayotgan mirishkor fermerlar, bog‘bonlar, tomorqa yer egalari hamda oilaviy dehqon xo‘jaliklarining sa’y-harakatlari bilan yozning boshidan toki kech kuzgacha, buyog‘i qahraton qishda ham dasturxonlarimizdan uzum arimaydi. Yurtimizda meva-sabzavotlar to‘kinligida, ayniqsa, aholi tomorqalari muhim manbaga aylanyapti.
Farg‘ona bog‘dorchilik, xususan, uzumchilikda katta tajribaga ega viloyatlardan. Aksariyat xonadonlar uzumni bozordan xarid qilmaydi. Hovlisida pishib yetilgan hosilni iste’mol qilib, hatto, ortganini sotuvga olib chiqadi. Oltiariq tumanida yashovchi Adhamjon aka Mahkamov 14 sotix tomorqasiga 375 dona husayni, damskiy, mers, Rizamat ota singari uzum navlarini ekkan. Har yili uzumdan 6-7 tonna hosil olib, 60-65 million so‘m daromad topyapti. Xonadon egasi tok tagidagi yerni ham bo‘sh qoldirmaydi. Maydonga ishlov berib, kuz oylarida to‘qsonbosi usulida sarimsoqpiyoz va har xil turdagi ko‘katlar ekadi. Bahor oylarida yig‘ib oladigan 1 tonna hosilidan 2,5—3 million so‘m qo‘shimcha daromadi bor.
Uzum joy tanlamaydi, hamma yerda o‘sib ketaveradi. Ota-bobolarimiz aytganidek, mehr, parvarish bo‘lsa bo‘lgani. Yerga ekilgan tok ko‘chati bir necha o‘n yillargacha hosil berishi mumkin. Ular ortiqcha suv ham talab qilmaydi, yilda 2 yoki 3 marta suv ichsa kifoya. Dunyoda bunday ne’mat yo‘q.

Uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham katta. Masalan, 1 gektar xo‘raki uzum yetishtirish uchun o‘rtacha 100 million so‘m xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million so‘m sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan yog‘ ham jahon bozorida yuqori baholanadi.
Bugun yurtimizda hududlar uzumchilikka ixtisoslashtirilyapti. Bu bir mahalla, bir tuman miqyosida sifatli, eksportbop uzum mahsulotlarini yetishtirishga yo‘l degani. Piskent tumanining «Mingtepa», «Bekobod», «Yangiobod» va «Birlik» mahallalarida deyarli har bir xonadonda tok so‘rilarda uzum yetishtiriladi. Mingtepaning ertapishar chillaki, oq chillakilari, shiraga to‘lib, qishgacha saqlanadigan xusayni, kadi xusaynilari, g‘oyat xushta’m, mayizbop shuvilg‘on (kishmish)lari nafaqat O‘zbekiston, balki xorij davlatlarida ham mashhur.
Parkent uzumlariniku, aytmasa ham bo‘ladi. Hududda fermer xo‘jaliklaridan tortib, oddiy aholigacha uzum yetishtirishda katta tajribaga ega. Shu tumanda istiqomat qiladigan Mehriddin aka O‘rolov ham 8 sotix tomorqasida 198 dona toifi, kishmish, Rizamat ota kabi uzum navlarini yetishtiradi. Har yili uzumdan 7-8 tonna hosil olib, 50—55 million so‘m daromad topayotgan bu inson tok tagidagi bo‘sh yerdan unumli foydalanishni ham yo‘lga qo‘ygan.
Umuman, tadbirkorlik qilishga ishtiyoqi va daromadi bor odamlar keng dashtlarni o‘zlashtirib, tokzorga aylantirishga qo‘rqmasdan bel bog‘lamoqda. Chunki uzumchilikning kelajagi bor, daromadi bor, mablag‘ tiksa, o‘zini oqlaydigan, mehnat qilsa, ko‘zlanganidan ortiq natija beradigan, hosil va daromadni ko‘p kuttirmaydigan soha hisoblanadi. Muhimi, ushbu yo‘nalishga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilib, zarur resurslar muhayyo qilinmoqda, keng imkoniyatlar yaratilyapti. Bu esa dehqon va fermerlarga, tomorqa yer egalariga katta rag‘bat berayotgani rost.
Buning natijasida mamlakatimizda uzum hamda mayiz eksporti bo‘yicha ko‘rsatkichlar yildan yilga oshib bormoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar—sentyabr oylarida O‘zbekiston 43 ta xorijiy davlatlarga qiymati 105,2 million AQSH dollariga teng bo‘lgan qariyb 140 ming tonna uzum eksport qilgan.
Joriy yil 7 iyul kuni Prezidentimiz uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, bugungi bozor talabi tahlil qilinganida, uzumchilik sohasida juda katta imkoniyatlar borligi ko‘zga tashlanadi. Yevropada 800 million, Xitoyda 600 million, Rossiyada 300 million, Hindistonda 250 million dollarlik eksport bozori mavjud. Shu vaqtgacha usta bog‘bonlarimiz yetishtirgan mashhur va sarhil mevalarimiz qayta ishlanmagan, shundoqqina bozor rastalaridan joy olgan. Endi esa ularni qayta ishlash, tayyor, esportbop tovarlar sonini ko‘paytirish, respublikamizni esa arzon va sara meva-sabzavot ta’minotchisidan sanoati rivojlangan davlat sifatida dunyoga tanitish yo‘lida zalvorli vazifalar amalga oshirilyapti. Buning uchun manzilli moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangan. Xususan, yuqoridagi Prezident qarori bilan uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratildi. Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni rag‘batlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so‘mdan subsidiya beriladi.
Uzum yetishtirish, uni quritish, qadoqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishning to‘liq siklini yaratish maqsadida uzumchilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Soha imkoniyatlaridan foydalangan holda, 2021—2023 yillarda umumiy qiymati 3,2 trillion so‘mlik 4 724 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish, 50 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tarmoqni tubdan takomillashtirish, xalqimizning asrlar davomida shakllangan uzumchilik an’analarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Shubhasiz, bu chora-tadbirlar yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratish, ularni xorij davlatlarida targ‘ib etib, eksport ko‘lamini kengaytirish, qolaversa, uzumchilikning mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojidagi ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Elmurod MAMARAHIMOV,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi