Halol mehnatning noni shirin (+video)
Yon-atrofimizda turli toifadagi insonlar bor. Mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, yaxshi hayot kechirishga, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilayotganlar bilan birga o‘zgalar qo‘liga qarab, olma pish– og‘zimga tush, qabilida umr kechirayotganlar ham uchrab turadi.
Tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, aholi ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ushbu markazlarga murojaat qila boshladi.
Ammo yordam so‘rayotganlarning barchasini ham ko‘makka muhtoj deb bo‘lmaydi. Yillar davomida davlatdan va boshqa kishilardan moddiy yordam olishga o‘rganib, boqimanda bo‘lib qolganlar ham bor. Ana shunday toifa kishilar uchun Samarqand shahridagi Ogahiy nomli mahallada yashovchi, ikkinchi guruh nogironi Azim Fayziyev hayotini ibrat sifatida ko‘rsatishni joiz deb bildik.

Bolalik chog‘idagi baxtsiz hodisa sabab chap qo‘lidan ayrilgan Azim Fayziyev tushkunlikka tushib, yashash uchun kurashishdan to‘xtab qolmadi. O‘rta maktabni bitirib, Samarqand davlat universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olgan. Olgan bilimlari va o‘zining harakati tufayli 2014-yildan tadbirkorlik sohasida ish boshladi. Turli yo‘nalishlarda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi. O‘tgan 2023-yilda esa Xitoydan ishlab chiqarish uskunalari olib kelib, bir marta foydalaniladigan qog‘oz idishlar ishlab chiqarishni boshladi.

– O‘qishni bitirgach, bir muddat ish qidirib ko‘rdim, – deydi Azim Fayziyev. – Nogironligi bo‘lgan shaxs uchun hadeganda ish topilavermas ekan. Shu bois, o‘zim mustaqil tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Savdo-sotiq va boshqa turli yo‘nalishlarda o‘zimni sinab ko‘rdim. Yurtimizda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlarni ko‘rib, ushbu yo‘nalishga qiziqishim ortdi. Bir necha yillik urinishlardan so‘ng o‘tgan yil o‘z maqsadimga erishib, mo‘jaz ishlab chiqarish uskunasi yordamida ish boshladik. Akam ikkalamiz birgalikda ishlayapmiz. Kuniga 10 mingta 200 grammlik qog‘oz stakan ishlab chiqaramiz.

Tadbirkor bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirib, mahsulotlar turi va sonini oshirish niyatida. E’tiborlisi, bu ishlarni amalga oshirish natijasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishni rejalashtirgan. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga borishidan maqsadi ham aslida markazga ish so‘rab murojaat qilgan nogironligi bor shaxslarni ishga taklif qilish edi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/QHaKri0UW-Q" title="Halol mehnatning noni shirin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– O‘zim ish izlab, ishsizlikning qanday ekanligini bilganim uchun markazga ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish taklifini bildirdim, - deydi Azim Fayziyev. – Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham mehnat qilib, hamma qatori yashashni istaydi. Faoliyatim davomida bu boradagi ishlarga alohida e’tibor qaratayapman.
[gallery-16138]
Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan Azim Fayziyevning faoliyati ko‘pchilikka ibrat, desak yangilishmaymiz. Jamiyatda nogironligini ro‘kach qilib yoki to‘rt muchasi sog‘ bo‘laturib nafaqa olib kun ko‘rishni istayotganlar undan ibrat olsa, yaxshi bo‘lardi.
Qo‘ldan berganga qush to‘ymas, deydilar. Mehnat qilib topilgan non esa totli bo‘ladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (video),
O‘zA muxbirlari