Hakamlik sudlari: Nizolar, muammo va yechim
Termizda Respublika Savdo-sanoat palatasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli“ mavzuiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Termizda Respublika Savdo-sanoat palatasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli“ mavzuiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, prokuratura, adliya boshqarmasi, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari, advokatlar palatasi vakillari, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari va uning huzuridagi hakamlik sudi sudyalari, tadbirkorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari R.Pardaev, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi vakili F.Husanxodjaev, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i B.Mardaev so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar qonuniy manfaatlari himoyasini taminlashning huquqiy asoslarini mustahkamlab, tashkiliy mexanizmlarini tubdan takomillashtirganini alohida takidladi. Nizolarni sudlar orqali va muqobil usullarda hal etish tizimi yaratilgani qayd etildi.
Seminarda “O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish: huquqiy asoslari va rivojlanish bosqichlari”, “Xorijiy davlatlarda mediatsiya: huquqiy asoslari va amaliyot”, Hakamlik sudlarida iqtisodiy nizolarni hal qilishning o‘ziga xos xususiyatlari”, Hakamlik muhokamasining afzalliklari va hakamlik sudlarida ish yuritish tartibi”, “Nizolarni sudgacha hal etishda mediatsiyaning o‘rni“ kabi mavzularda tajribali huquqshunos-olimlar, soha mutaxassislarining qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Jumladan,O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudi raisi, yuridik fanlari doktori F.Otaxonovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda hakamlik sudlari va mediatsiya to‘g‘risida qonunlar qabul qilinib, nizolarni muqobil hal etish usullarining huquqiy asoslari yaratilgani tadbirkorlik subektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish va yuzaga kelgan nizolar yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar manfaatlari to‘qnashuvi va bu jarayonda nizolar, bahs-munozaralar kelib chiqishi tabiiy holdir, –deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi huzuridagi hakamlik sudi raisi B.Eshdavlatov. – Ana shunday holatlar bilan joriy yilning o‘tgan davrida bizga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ikki yuzdan ortiq davo arizasi bilan murojaat etdi. Ularning barchasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi. Da’vogarlar foydasiga 1 milliard 865 million so‘m undirish haqida qarorlar qabul qilinib, ijroga qaratildi. Ushbu tadbirda hakamlik muhokamasining huquqiy asoslari va muhim jihatlari, nizolarni hal etishda xorij tajribasi singari masalalarda bilim, ko‘nikmalarimizni mustahkamladik. Bu faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi va “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyati xususida fikr almashilib, nizolarni hakamlik sudlari hamda mediatsiya tartibida ko‘rishning ana shunday qulay taraflari etirof etildi. Nizolarni vakolatli davlat sudlariga muqobil hal etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, mediatsiya markazlari tashkil etib, mediatorlarni tayyorlashning tashkiliy tomonlarini tezlashtirish, tegishli sudlar bilan hakamlik sudlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yish, hakamlik sudlari hal qiluv qarorlari ijrosini ta’minlash, hakamlik sudyalarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish kabi qator masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.