“Haj Agro” mahsulotlari dasturxon ko‘rki
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida issiqxonachilik sohasida yirik natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda tumanda 11 ta issiqxona faoliyat yuritib, jami 15 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ana shunday yirik xo‘jaliklardan biri Tezguzar hududida joylashgan “Haj Agro” MCHJ sanaladi.
Bir gektar maydonda joylashgan ushbu issiqxonada bodringning “Orzu”, “Qoplon” va “Super” navlari yetishtirilmoqda. Tajribali mutaxassis Azima Ochilova boshchiligida parvarishlanayotgan ekinlar hozirda hosilga kirgan. Ishlab chiqarish jarayonida 9 kishi doimiy band, mavsumiy ishlarda esa 30 nafarga yaqin ishchi jalb qilinadi.


– Hozirgi kunga kelib, 17 tonna bodring yig‘ib olindi, mavsum yakuniga qadar esa bu ko‘rsatkich 30 tonnaga yetishi kutilmoqda, – deydi Azima Ochilova. – Yetishtirilgan hosil mahalliy bozorga yetkazilmoqda.
Hududda issiqxona faoliyatini yanada kengaytirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan bir qatorda, mahalliy tadbirkorlik va iqtisodiyotning o‘sishiga ham turtki bo‘lmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri