Guterrish: Suriyani tiklash uchun sanksiyalarni yengillashtirish yetarli emas
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Suriyaga qilgan tashrifidan so‘ng, xalqaro hamjamiyatni ushbu mamlakatga nisbatan joriy etilgan barcha xalqaro cheklov va sanksiyalarni tezkorlik bilan olib tashlashga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va ayrim G‘arb davlatlari tomonidan sanksiyalarning yengillashtirilishi Suriya iqtisodiyotini oyoqqa turg‘azish uchun yetarli emas. Mamlakatni qayta tiklash, investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani yangilash va qochqinlarning xavfsiz qaytishini ta’minlash uchun keng ko‘lamli xalqaro ko‘mak zarurligi ta’kidlandi.
BMT taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan buyon 1,7 milliondan ortiq suriyalik o‘z yurtiga qaytgan. Shunga qaramay, 5,5 millionga yaqin kishi mamlakat ichida boshpanasiz maqomida qolmoqda, yana 6 millionga yaqin fuqaro esa xorijda istiqomat qilmoqda.
Tashrif chog‘ida Guterrish Isroilning Suriya janubidagi harbiy harakatlariga ham to‘xtalib, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligi aslo buzilmasligi lozimligini ta’kidladi va Jo‘lon tepaliklari aynan Suriyaga tegishli ekanini yana bir bor eslatib o‘tdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA