Guljanoy Naimova Paraosiyo o‘yinlari chempioniga aylandi
V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari turli sport turlarida medallarga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, para taekvondo bo‘yicha +65 kg vazn toifasi finalida Guljanoy Naimova xitoylik raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu vazn toifasida bronza medali uchun kechgan bellashuvda Karomat Qosimova eronlik raqibasidan 2:0 hisobida ustun keldi. Erkaklar o‘rtasida -80 kg vazn toifasida bahs olib borgan Otabek Amatov ham bronza medali uchun kechgan uchrashuvda qozog‘istonlik raqibini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Para yengil atletika bahslarining erkaklar o‘rtasida T36 klassida 400 metrga yugurish musobaqasida ishtirok etgan Doston Qahhorov 54,42 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Hamyurtimiz oltin medal bilan birga Para Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.

Para suzishning erkaklar o‘rtasida S9 klassida 400 metrga erkin usulda suzish finalida Dias Mirmanov 4:32.18 natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para dzyudo bellashuvlarida J1 klassining +95 kg. vazn toifasida final bahsida ishtirok etgan Islomjon To‘xtaboyev eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 24 ta oltin, 28 ta kumush va 28 ta bronza, jami 80 ta medalga yetdi. O‘zbekiston umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA