Grant mablag‘lari muammolar yechimiga sarflanmoqda (+video)
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda joylardagi fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.
Fondning Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan e’lon qilingan “Mahallalarda aholi bilan olib boriladigan ishlarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusidagi tanlovda Jondor tumani “Mirzayon” mahalla fuqarolar yig‘ini “Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish” loyihasi bilan ishtirok etib, 60 million so‘m grantni olgandi.
– Loyiha doirasida mahalla hududida yashaydigan og‘ir toifadagi ishsiz yoshlar aniqlanib, ularga eshik va romlar yasashni o‘rgatdik, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ozod Quvvatov. – Hududdagi shu sohaning ustasi 19 yoshli Doniyor Quvvatovga grant mablag‘laridan asbob-uskuna olib berildi. Ayni kunda sex tashkil etilgan bo‘lib, bandligi ta’minlanmagan yoshlar hunar o‘rganmoqda.
[gallery-23113]
Shuningdek, fond tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda “Tadbirkor ayol” Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Jondor tumani hududiy bo‘limi “Ayol hunari – oila baxti” loyihasida 170 million so‘m, tumanning “Qozikent” mahalla fuqarolar yig‘ini “Mahallada yashil energiyaga o‘tish bo‘yicha xabardorlikni oshirish” loyihasida 160 million so‘m grant mablag‘lari yutib olingan.
Loyihalarning ijrosi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining mas’ullari Xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan joyida atroflicha o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida loyihaning maqsadi, natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Jondor tumani hokimligida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari viloyat va Jondor tumani kengashi deputatlari, viloyat, shahar Mahallalar uyushmasi mas’ullari, NNTlar, tuman mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotida ularning faolligini yanada oshirish, ijtimoiy muammolar yechimiga qaratilgan tashabbus va loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OhmW8VRssBc" title="Grant mablag‘lari muammolar yechimiga sarflanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.