G‘o‘zapoyani qayta ishlashning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash, ulardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar olish va ekologik loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada g‘o‘zapoyani qayta ishlash orqali biochar ishlab chiqarish va undan karbon kreditlari olish istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) hamda Hindistonning Merago kompaniyasi vakillari ishtirokida g‘o‘zapoyadan biochar ishlab chiqarish va uni xalqaro karbon bozorida tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, paxtachilikda hosil yig‘ib olingach, dalalarda katta miqdorda g‘o‘zapoya qoladi. Uni samarali qayta ishlash qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi chiqindilarni kamaytirish bilan birga, yangi iqtisodiy qiymat yaratish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, g‘o‘zapoyani biochar – uglerodga boy organik materialga aylantirish texnologiyasini joriy etish muhim.
Uchrashuvda biochardan tuproq unumdorligini oshirishda foydalanish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, biochar tuproq tarkibiga kiritilganda uning namlikni ushlab turish qobiliyatini yaxshilaydi, organik moddalar miqdorini oshiradi va qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun qulay agroekologik muhit yaratadi.
Muloqot davomida ushbu innovatsion texnologiyani O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazish, dastlabki pilot loyihasini yo‘lga qo‘yish va natijalarini amaliyotga keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Istiqbolda ishlab chiqariladigan biochar hajmi, uning tuproq unumdorligiga ta’siri hamda karbon kreditlarini shakllantirish imkoniyatlarini amaliy jihatdan baholash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, respublikaning turli hududlarida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, soha mutaxassislari va fermerlarga g‘o‘zapoyani qayta ishlash, biochar ishlab chiqarish va undan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy bilim berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA