G‘olib gandbolchilar taqdirlandi
Xorazmda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” uchun Gandbol musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Urganch shahridagi "Yoshlik" sport majmuasida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu musobaqalar mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarning sport sohasidagi iqtidorini yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Xorazm viloyati bo‘yicha 531 ta mahalla bo‘yicha shakllangan jamoalar o‘rtasida mazkur kubok uchun tuman-shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar qura tashlash jarayonidan so‘ng bahslarga kirishdi. Har bitta o‘yin 15 daqiqa davom etib, professional hakamlar baholash uchun jalb qilingan.
– Ma’lumki, 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 5-bosqichda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari yo‘lga qo‘yildi, – deydi Xorazm viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyazova. – Mahallalarda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlari juda katta. Gandbol sporti endi ommalashayotganiga qaramasdan, ushbu musobaqada qatnashish uchun mahallalarimizdan yuz minglab yoshlar qiziqish bildirishdi. Avval faqat o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalar o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda qizlar o‘rtasidagi musobaqalar tashkil etildi. Bundan havaskor gandbolchi qizlar ham xursand bo‘lishdi.
O‘yinlar shiddatli, bahslar keskin kechdi. Sababi, respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallasiga sport maydonchasi qurib berilishi bilan birga qimmatbaho sovg‘alar ham taqdim etiladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, qizlar o‘rtasida uchinchi o‘ringa Qo‘shko‘pir tumani Qorovul mahallasi, ikkinchi o‘ringa Xonqa tumani Do‘rman mahallasi yoshlari sazovor bo‘ldi. Birinchi o‘rinni egallagan Shovot tumani Maxtumquli mahallasi esa mamlakat bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasida kechgan bahslarida Xonqa tumanining Do‘rman mahallasi jamoasi uchinchi, Xiva tumani Pirnoxos mahallasi yoshlari ikkinchi va Urganch tumani Obod mahallasi ganbolchi yigitlari birinchi o‘rinni egalladi. Obodlik ganbolchilar ham musobaqaning respublika bosqichida qatnashadi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari