Giyohvandlikka qarshi ommaviy sport tadbiri o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi bolalar-o‘smirlar sport maktabining akademik eshkak eshish bazasida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz, biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida ommaviy sport tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi mas’ul xodimi Jonibek Yusupov, shahar hokimi o‘rinbosari Farrux Alimov, tegishli tashkilot va idoralar vakillari, sport murabbiylari hamda faol yoshlar ishtirok etishdi. Bu esa tadbirning nafaqat sport, balki ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini yanada oshirdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni zararli odatlar ta’siridan asrash, jismoniy faollikni oshirish va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, bunday sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

– Bunday tadbirlar yoshlar ongida sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi, ularda hayotga ongli munosabatni shakllantiradi. Eng muhimi, yoshlarni turli zararli illatlardan himoya qilish, ularni jamiyatda faol va foydali shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi, – dedi shahar hokimi o‘rinbosari Farruh Alimov.

Akademik eshkak eshish sport turi yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlik, iroda va intizomni talab etadi. Shu bois, Shirin shahar sport maktabida mazkur yo‘nalish bo‘yicha yaratilgan zamonaviy infratuzilma yosh sportchilarni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Bu yerda tayyorlanayotgan yoshlar nafaqat hududiy, balki respublika va xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib kelishmoqda.

Tadbir doirasida turli sport musobaqalari, ko‘rgazmali chiqishlar va targ‘ibot aksiyalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllantirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun konsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, musobaqalarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar — Samandar Rahimberdiyev, G‘ayratjon Ahmedov, Shohjahon Abduhakimov, Shohista Rahmonqulova, Madina Savina, Hosila Tojiboyevalar munosib taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri