Giyohvandlikka qarshi kurashish – barchamizning vazifamiz
Urganch shahridagi Ma’mun universitetida Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan talabalar ishtirokida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb oylik doirasida tashkil etilgan tadbirda yoshlarga giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, giyohvandlikning inson salomatligi, kelajagi va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, shuningdek, uning ayanchli oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy saqlash, tashish, iste’mol qilish hamda ularning tarqalishiga ko‘maklashish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari tushuntirildi. Talabalarga bunday noqonuniy holatlarga befarq bo‘lmaslik, turli shubhali takliflardan ogoh bo‘lish va huquqbuzarliklarning oldini olishda fuqarolik mas’uliyatini his etish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Targ‘ibot jarayonida bojxona organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik holatlari aniq misollar asosida keltirilib, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida ham ma’lumot berildi.

– Boshqarmamiz bojxonachilari tomonidan 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yo‘nalishida 24 ta holat aniqlanib, jami 7,9 kilogramm giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan chiqarildi, – deydi boshqarmaning axborot xizmati rahbari Laylo G‘aniyeva. – Bundan tashqari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 14 ta holat aniqlanib, 163 gramm tegishli moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tadbir yakunida talabalar giyohvandlikning har qanday ko‘rinishidan yiroq bo‘lishga, huquqiy bilimlarini oshirib borishga, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga va o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri