Giyohvandlik zanjiri uzildi...
Toshkent viloyati IIBB va hamkor tashkilotlar xodimlari tomonidan “Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Zangiota tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida 29 yoshli shaxs (S.M.) 50 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini xaridorga 3 million 300 ming so‘mga sotayotgan vaqtida xodimlar tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.

Dori vositalarining manbasini aniqlashga qaratilgan surishtiruvlardan so‘ng tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsni dori bilan ta’minlayotgan (U.U.)ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Ushbu shaxs xonadonida 796 dona turli nom va ko‘rinishdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlayotgani aniqlanib qo‘lga olindi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, viloyat bo‘ylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash yo‘nalishidagi tadbirlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA