Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek quyildi
Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi opiy giyohvandlik moddasining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida Yozyovon tumani hududida «Qoradori-2026» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida 1981-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan shaxs 1998-yilda tug‘ilgan sherigi bilan birga giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir jarayonida ular 1 kilogramm opiy giyohvandlik moddasini 20 ming AQSH dollariga sotishga uringani aniqlangan. Mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozordagi umumiy qiymati qariyb 240 million so‘mni tashkil etgan.
Holat yuzasidan Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA