Gimnastika – barkamollik asosi
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida, sport, jumladan, gimnastika nafaqat sport turi, balki farzandlarimiz, ayniqsa, qizlarni jismoniy va ma’naviy barkamol voyaga yetkazishning muhim vositasiga aylandi.
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida, sport, jumladan, gimnastika nafaqat sport turi, balki farzandlarimiz, ayniqsa, qizlarni jismoniy va ma’naviy barkamol voyaga yetkazishning muhim vositasiga aylandi.
Jizzax viloyatidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan 32 guruhda 600 ga yaqin yoshlar ushbu sport turi bilan zamonaviy sharoitlarda muntazam shug‘ullanmoqda. O‘tgan yili viloyat markazida bunyod etilgan yangi sport majmuasi gimnastika sportining imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Majmua tarkibidagi maxsus jihozlangan zallar, gimnastika saroyi o‘quvchilar ixtiyorida.
Bolalar sportini rivojlantirishda sportning gimnastika turiga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Buni sportning ushbu turi bilan shug‘ullanuvchilar safi yildan-yilga kengayib, xalqaro miqyosda erishilayotgan yuksak natijalar misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, viloyat terma jamoasi oxirgi uch yilda jamoaviy chiqish mashqlari bo‘yicha ketma-ket uchinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Prezidentimiz Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining yig‘ilishida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yurtdoshlarimizda farzandini har tomonlama barkamol voyaga yetkazishga intilish tuyg‘usini orttirayotganini alohida ta’kidladi. Endi ota-onalar farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga, maktabga berishda u yerda gimnastika bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilganini hisobga olmoqda.
Ana shu hayotiy talabdan kelib chiqib, gimnastika o‘rgatiladigan ta’lim muassasalari ham ko‘paymoqda. Ayni paytda Jizzax shahridagi o‘nta maktabgacha ta’lim muassasasida sportning ushbu turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan. Bu to‘garaklarda shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar ixtisoslashgan maktablarning asosiy zaxirasi hisoblanadi. Sog‘lom ona va bola yilida qizlarni sportga yanada ko‘proq jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu biz, gimnastika sporti mutaxassislari va murabbiylari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, ayni paytda suyuntiradi.
Nargiza Alimardonova,
Jizzax viloyatidagi gimnastikaga ixtisoslashgan
bolalar va o‘smirlar sport maktabi bosh murabbiyasi,
“Shuhrat” medali sohibasi.