Germaniyalik mehmon bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etadigan Germaniya - O‘zbekiston do‘stlik assotsiatsiyasi raisi Kolin Dyurkop bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov martabali mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar xususida ma’lumot berdi.

Germaniyalik mehmon iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlarga va qo‘mitaning Milliy madaniy markazlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda xorijiy mamlakatlar bilan olib borayotgan do‘stona aloqalarini rivojlantirishdagi ishlariga yuqori baho berdi. Bu qo‘mitaning O‘zbekistonda bo‘layotgan so‘nggi besh yildagi o‘zgarishlarni xorijga yetkazishda, ularni ommasini bu o‘zgarishlar bilan tanishtirishda juda ham muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi.

– Mening O‘zbekiston bilan aloqalarim bundan 27 yil avval Berlinda Germaniya – O‘zbekiston do‘stlik jamiyati tashkil etilgandan boshlangan, – dedi Kolin Dyurkop. – Shu yillar davomida O‘zbekistonga juda ko‘p bora tashrif buyurdim va bu tabarruk diyorni shiddat bilan rivojlanib borayotganining guvohi bo‘layapman. Darhaqiqat, so‘nggi besh yildagi o‘zgarishlar haqiqatdan ham quvonarli, ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilishi, valyuta siyosatining liberallashtirilgani, erkin vizaning joriy etilganligi haqiqatdan ham juda quvonarli holat. Ikki yil avval do‘stlik jamiyati bilan O‘zbekistonga tashrif bilan kelganmiz. Jamiyat a’zolarining o‘zida ham O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xohishi kuchayib bormoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya do‘stlik aloqalarining rivojlanib borishida xalq diplomatiyasining o‘rni muhimligi ham diqqat markazida bo‘ldi. Muloqot yakunida martabali mehmon “O‘zbekiston - umumiy uyimiz” kitobi va “O‘zbekiston” jurnallarining maxsus sonlari bilan tanishtirildi.
N.Usmonova, O‘zA