Germaniyada O‘zbekiston stendi tashkil etildi
Berlin shahridagi yirik “Station” ko‘rgazma markazida Kichik va o‘rta biznes korxonalari federal uyushmasi yillik kongressi bo‘lib o‘tdi.
Yevropaning ushbu yirik davlatidagi elchixonamiz ma’lum qilishicha, anjumanda milliy stendimiz tashkil etildi.
“Kichik va o‘rta biznes kelajak sari” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda besh mingdan ziyod kichik va o‘rta biznes, ishbilarmon doira vakillari, yirik sarmoyadorlar, shuningdek qator vazirliklar rahbarlari, siyosiy partiyalar yetakchilari, 50 dan ortiq davlat elchilari qatnashdi.
O‘zbekiston stendi yonida ishtirokchilarga yurtimizning iqtisodiy-sarmoyaviy, turizm salohiyati, respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot chog‘ida mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan salohiyatli kompaniyalar bilan kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, turizm, kasb-hunar ta’limi va transport sohalarida loyihalar yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokara olib borildi.
Kompyuter texnologiyalari sohasida yetakchi sanalgan “AMD“ kompaniyasi mamlakatimiz bilan protsessor, mitti sxema ishlab chiqarish, “Edu-WorldWide” kompaniyasi kasbiy va dual ta’lim, Xalqaro mutaxassislar uchun nemis kompetensiya markazi (DKF) esa sog‘liqni saqlash va hamshiralarni ishga yollash bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirdi.
Aytish joiz, kichik va o‘rta biznes nemis iqtisodiyoti o‘zagini tashkil etadi va band ish o‘rinlarining 70 foizini qamrab olgan. Germaniyada bunday korxonalar yangi g‘oyalar generatori sifatida tan olinadi. Innovatsiya va patentlarning 75 foizi kichik va o‘rta biznes vakillari hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Gabec” GmbH kompaniyasi menejeri Torsten Klaus nemis tadbirkorlari kunida O‘zbekistonning ishtiroki haqida shunday dedi:
– Kompaniyamiz o‘rta biznes subyekti sanaladi. Ayni payt O‘zbekiston bilan bir qator loyihalar amalga oshiryapmiz. Toshkentda vakolatxonamiz bor. Har ikki tomon o‘rta biznes subyektlarini hamkorlikka chorlaymiz. Ularga bilim va tajribamiz bilan ko‘maklashishga tayyormiz. O‘ylaymanki, Germaniya O‘zbekiston bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
“AMD“ kompaniyasi kompyuter texnologiyalari sohasida yetakchi sanaladi. Ushbu korxona protsessor, mitti sxema, grafik karta ishlab chiqaradi.
– Ko‘rgazmada ishtirok etib, kompyuter texnologiyalari sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashish, aloqa o‘rnatish, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik, – deydi korxonaning marketing bo‘yicha direktori Kristian Dotsauer. Bugungi kunda sun’iy intellektning ahamiyati ortib bormoqda. Endilikda muvaffaqiyatni ta’minlash, mahsuldorlikni oshirish va ko‘proq mahsulot sotish sun’iy intellekt imkoniyati va talabini o‘zlashtirishni taqozo etyapti. Shu ma’noda biz bugun kichik va o‘rta biznes vakillari bilan xalqaro darajada munosabat o‘rnatishga erishganimizdan mamnunmiz.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA