Germaniyada josuslik xavotiri tufayli mobil telefondan foydalanish cheklandi
“Spiegel” nashri yozishicha, Germaniya Mudofaa vazirligi Rossiya va Xitoydan kelayotgan josuslik tahdidi haqidagi xavotir asnosida idora qarorgohida mobil telefondan foydalanishni chekladi.
Manbaga ko‘ra, qo‘l telefoni, planshet yoki aqlli soat kabi shaxsiy qurilmalarni “Maxfiy – faqat rasmiy doirada foydalanish uchun” yoki yanada yuqori tasniflangan materiallar muhokama qilinadigan bevosita yoki virtual uchrashuvlarga olib kirish taqiqlanadi. Mazkur chora, masalan, mashq yoki amaliyotni rejalashtirish bilan bog‘liq, shuningdek Bundesverning jangovar tayyorgarligiga bag‘ishlangan uchrashuvlarga tegishli.
Ogohlantirish hujjatida bunday ehtiyotkorlik “razvedka ma’lumoti ustuvor maqsadi nuqtai nazaridan, qolaversa Rossiya josuslik faoliyatidan himoyalanish uchun” zarurligi ta’kidlangan. Bundan tashqari Xitoy “razvedka ma’lumotini to‘plashga nisbatan strategik va uzoq muddatli yondashuv”ga amal qilishi ham eslatilgan.
S.Rahimov, O‘zA