Germaniya shirin ichimliklar uchun soliq joriy etadi
Germaniya shakar qo‘shiladigan ichimliklarga maxsus soliq joriy etishni rejalashtirmoqda. Maqsad – aholi salomatligini mustahkamlash va semizlikka qarshi kurashish. Bu qaror keng munozaraga sabab bo‘lmoqda.
GFR hukumati 2028-yildan boshlab sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish loyihasi doirasida semirish darajasini cheklash va sog‘liqni saqlash tizimiga yukni kamaytirishni nazarda tutgan holda, shirin ichimliklarga soliq joriy etishni rejalashtirdi, deb yozgan “Reuters” agentligi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyasiga mos mazkur tashabbus mamlakatlarni soliqqa tortish orqali keyingi 10 yil ichida shakar qo‘shiladigan va spirtli ichimlik, shuningdek tamaki narxini 50 foiz ko‘tarishga chaqiradi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, hozir 100 dan ziyod mamlakatda shunday soliq mavjud. Fevral oyida e’lon qilingan so‘rovdan nemislarning taxminan 60 foizi ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlashi ayon bo‘lgan. Yig‘imdan kutilayotgan yillik daromad 450 million yevro kasalliklarning oldini olish va salomatlikni mustahkamlash dasturlarini moliyalashtirishga sarflanadi.
Ayrimlar shakar narxi ko‘tarilishi hech bir mamlakatda ortiqcha vaznli odamlarni kamaytirmaganiga e’tibor qaratib, ayni rejaga qarshi chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shakar solig‘i o‘n yil avval joriy qilingan Buyuk Britaniyada o‘tgan yil qadoqlangan sutli ichimliklarga ham qo‘shimcha boj qo‘yilgan. Avvalroq qirollikda zararli oziq-ovqat reklamasi taqiqlangan edi.
G.Sattorova, O‘zA