Germaniya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.
Qayd etish kerak, ikki kunlik tashrif dasturi sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston va Germaniya davlat rahbarlarining tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bir qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlar ishga tushirildi.

Davlatlar rahbarlari o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.

Frank-Valter Shtaynmayyer, shuningdek tashrifning ikkinchi kunida Islom sivilizatsiyasi markazi durdonalari bilan tanishdi. “Papenburg Uzbekistan” qo‘shma korxonasi faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.

Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
O‘zA