Germaniya o‘zining termoyadroviy reaktorini ishga tushirmoqchi
GFR kansleri Fridrix Mers o‘lkaning birinchi mahalliy termoyadroviy reaktorini ishga tushirish bo‘yicha rejasini ochiqladi.
Ta’kidlanishicha, Germaniya hukumati dunyodagi birinchi tijorat termoyadroviy reaktorini ishga tushirish uchun 2029-yilga qadar 1,7 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratishni ko‘zda tutuvchi “Termoyadroviy harakatlar rejasi”ni tasdiqlagan edi.
– Biz federal hukumatda nafaqat termoyadroviy energiyani yuqori texnologiyali rivojlanish dasturimizga asosiy texnologiya sifatida kiritdik, balki mamlakatning birinchi termoyadroviy reaktorini ishga tushirish bo‘yicha ulkan maqsadni ham qo‘ydik, -dedi Mers Gannover yarmarkasiga tashrifi chog‘ida.
Ko‘rgazma stendlarini aylanib chiqish chog‘ida kansler kelajakdagi inshootning asosiy komponentlari, xususan, tritiy ishlab chiqarish texnologiyalari bilan tanishdi.
– Bu kelajakdagi termoyadroviy reaktorning yuragi, -dedi u. - Oxir-oqibat, biz u yerda termoyadroviy yoqilg‘i - tritiy ishlab chiqarishimiz mumkin bo‘ladi. Bu katta yutuq.
Kansler shuningdek, Germaniya rasmiylari uzoq muddatda termoyadroviy texnologiya asosida elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirayotganini tilga oldi. U mamlakat ushbu tadqiqotda allaqachon “mutlaq global elita” qatoriga kirganini ma’lum qildi.
Mers ilgari GFRning yadroviy energiyadan voz kechish qarorini ortga qaytarib bo‘lmaydigan qaror, deb atagan edi. Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropaning yadroviy energiyadan voz kechishi strategik xato ekanligini tan olgandi.
2011-yilda Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri Angela Merkel boshchiligidagi hukumat 2022-yilga kelib atom energiyasidan butunlay voz kechishga qaror qildi. Yaponiyadagi “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidagi halokat ushbu qaror uchun oxirgi sabab bo‘ldi. 2022-yilga kelib esa mamlakatda faqat uchta atom elektr stansiyasi ishlayotgan edi. Rossiya gazini bosqichma-bosqich to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror tufayli ularning faoliyati 2023-yil aprel oyining o‘rtalariga qadar uzaytirildi, keyin esa ular foydalanishdan chiqarildi.
S.Rahimov, O‘zA