Germaniya Isroilni qo‘llashda davom etadi
Germaniya Kansleri Olaf Shols mamlakat parlamentida bo‘lib o‘tgan munozara chog‘ida Isroilga qo‘shimcha qurol yetkazib berilishini e’lon qildi.
– Qurol bilan shu paytgacha ta’minladik, bundan keyin ham yetkazamiz, – dedi u. – Hukumatimiz ko‘mak bardavom bo‘lishini ta’minlaydigan qarorlar qabul qildi.
Qanday qurollar yuborilishi esa ochiqlanmagan.
Ba’zi nemis partiyalari ilgari uning boshqaruvidagi koalitsiyani Isroilni qo‘llamaganlikda ayblagan edi.
Darvoqe, Germaniya Isroilga qurol yetkazib berish miqdori bo‘yicha AQSHdan keyin 2-o‘rinda turadi. O‘tgan yil mamlakatning ayni yo‘nalishdagi eksporti 326,5 million yevroga baholangan. Bu avvalgi yilga nisbatan o‘n barobar ko‘p.