Geologiya – sanoat taraqqiyotining mustahkam poydevori
Iqtisodiyotning barcha sohalarida barqaror rivojlanishga erishish uchun mustahkam ilmiy asos talab etiladi. Ana shunday muhim asoslardan biri geologiya sohasidir. Chunki geologik tadqiqotlarsiz sanoatni rivojlantirish imkonsiz.
Bugungi kunda ko‘pgina sanoat korxonalari faoliyati geologlar tomonidan taqdim etiladigan aniq va ishonchli ma’lumotlarga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, mamlakatimizdagi yirik sanoat gigantlaridan biri hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatini geologlarsiz tasavvur etish mushkul.

Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufidagi barcha konlar aynan geologlar tomonidan chuqur o‘rganilgan. Biroq ularning vazifasi bu bilan cheklanib qolmaydi. Geologlar qidiruv ishlari natijalariga asoslangan holda loyihalarni ishlab chiqishda, konlarni ekspluatatsiya qilish jarayonida, ma’dan tomirlarining joylashuvi va tarkibini o‘rganishda faol ishtirok etadi.
Xususan, burg‘ilangan quduqlardan olingan namunalarni saralash, ularni tahlilga tayyorlash, gamma-tahlil o‘tkazish orqali ma’dan tarkibidagi oltin miqdorini aniqlash geologlarning muhim vazifalaridan sanaladi. Ushbu ma’lumotlar asosida ma’dan navlarga ajratiladi va uni qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlari uchun aniq rejalar tuziladi. Shuningdek, qazib olingan ma’danni qayta ishlash zavodlariga belgilangan sifat va miqdorda yetkazilishini nazorat qilish ham ular zimmasidagi mas’uliyatli ishlardandir.

– Har bir davlatning taraqqiyoti ko‘p jihatdan uning yer osti boyliklariga bog‘liq, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi bosh geologi o‘rinbosari Abror Beshimov. – Ularni izlab topish, baholash va iqtisodiyot tarmoqlariga samarali jalb qilish esa geologlarning asosiy vazifasi hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda geologiya sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir. Zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi, sohadagi mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Natijada Sharqiy, Dovg‘istov, Turbay, Amunzo-Amantay kabi konlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.


Geologiya bu faqatgina yer osti boyliklarini izlash emas, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlaydigan strategik sohadir. Geologlar esa ana shu taraqqiyotning poydevorini yaratayotgan fidoyi kasb egalaridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri