“Gemini” sinov payti 3 kompaniyani buzib kirdi
“Google” kompaniyasi ma’lum qilishicha, “Gemini” sun’iy intellekt modeli kiber xavfsizlik imkoniyatini tekshirishga qaratilgan sinov vaqti o‘zboshimchalik bilan 3 kompaniya tizimini buzib kirgan. Bu SI o‘ta mustaqil harakatlangani bilan bog‘liq ilk hodisa sifatida baholanmoqda. Bu haqda BBC xabar bergan.
“Google” vakili model internetdan ochiq ma’lumot topgani va sinovga aloqador hisoblagan veb-saytlarga kirish uchun parol tanlagani, biroq har bir holatda tizimga kirgach, harakatni o‘zi to‘xtatganini ta’kidlagan. May oyida sodir bo‘lgan ushbu kiber hujum haqida jabrlangan kompaniyalar xabardor qilingan.
Mazkur hodisa SIni rivojlantirish tezligi va jarayonning insoniyatga ehtimoliy xavfi bilan bog‘liq bahsni yanada avj oldirdi. Kiber xavfsizlikni baholash bilan shug‘ullanuvchi “Irregular” mustaqil kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan sinov iyul oyidayoq “Google” va jabrlangan tomonlarni ogohlantirgan hamda zarur xavfsizlik chorasi ko‘rilgan.
“Google” vakili Xizer Adkins fikricha, bunday hodisalar kuchli SI modelini mas’uliyat bilan ishlashga o‘rgatish nechog‘li muhimligini ko‘rsatadi.
Darvoqe, boshqa yetakchi SI manbalarida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. Iyul oyida “Anthropic” kompaniyasining “Claude” modeli sinov muhitidan chiqib, 3 tashkilot tizimini buzib kirgan. “OpenAI” ham o‘z modellari ochiq xizmatiga bir necha bor hujum uyushtirilganini bildirgan.
“Microsoft” SI bo‘yicha rahbari Mustafo Sulaymon raqobatchilarni tizimga inson kabi munosabatda bo‘lish, jilovlab bo‘lmaydigan texnologiya yaratish xavfini tug‘dirishda aybladi.
“Nvidia” va “OpenAI” rahbarlari tez orada Oq uyda SI xavfsizligi va jarayonni tartibga solish masalasini muhokama qilishi kutilyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA