G‘azo shifoxonalarida yonilg‘i tugadi: bemorlar hayoti xavf ostida
Isroil armiyasi zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektoridagi shifoxonalarda generatorlar uchun zarur yonilg‘i zaxirasi tugadi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Hudud sog‘liqni saqlash idorasi bildirishicha, tanqislik sabab, hatto, ishlab turgan generatorlar ham ishdan chiqmoqda. Shu tariqa majmualarning eng muhim bo‘limlari elektr energiyasiz qolishi xavfi yuzaga kelgan.
Ma’lumotga ko‘ra, G‘azodagi tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlashi uchun oyiga 2 500 litr yonilg‘i kerak. Vaqtincha ajratilayotgan cheklangan zaxira uskunalar barqaror ishlashini ta’minlay olmayapti. Texnika to‘xtovsiz ishlayotgani va shoshilinch ta’mirga ehtiyoj kuchliligi sabab sarf yanada ortgan. Shu bois barcha xalqaro tashkilotlar gumanitar burchini bajarishga, kasalxonalarni yonilg‘i va ehtiyot qism bilan tezda ta’minlashga chaqirilgan.
Hozir hududda saqlanib qolgan kam sonli tibbiy muassasalarda bemorlar va yaradorlarni davolashga mo‘ljallangan uskunalar faqat generatorlar beradigan tok evaziga ishlayapti. Isroil tomonidan insonparvarlik yordami, dori-darmon va yonilg‘i kiritilishiga qo‘yilgan cheklov hayotni saqlab turuvchi qurilmalarga muhtoj bemorlar yashab qolishini bevosita xavf ostiga qo‘ymoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oktabr oyidan beri davom etayotgan hujumlar tufayli G‘azoda 74 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 175 000 dan ko‘p odam yaralangan. Hudud infratuzilmasining qariyb 90 foizi batamom vayron bo‘lgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA