Gaz ta’minoti va kadastr tizimida qonunbuzilish holatlari fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsion holatlarga chek qo‘yildi.
Xususan, “Urguttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi va mazkur tashkilotda muqaddam ishlagan shaxs o‘zaro til biriktirib, mahalliy MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasi o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berishni aytib, evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga kadastr hujjatlarini tayyorlab, sotib olib berish evaziga muqaddam 11600 AQSH dollari olgan.
Ammo mazkur mansabdor shaxs bergan va’dasini bajarmay, olgan pul mablag‘i hisobidan 49,7 mln. so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u 11600 AQSH dollari hisobidan qolgan 89,5 mln. so‘mni ham jabrlanuvchiga qaytarib berdi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA