Gaz sohasida yo‘qotishlarga qarshi yangi yechimlar joriy etiladi
Mamlakatimizda gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, uning samaradorligini oshirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni tatbiq etishga qaratilgan uchrashuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.
“Hududgazta’minot” AJ va “Eysasoft Holding Ltd” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ullari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot ana shunday hamkorlik yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Unda tomonlar gaz ta’minoti sohasini modernizatsiya qilish doirasida avtomatlashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ularning qayd etishicha, ushbu yo‘nalishda innovatsion yechimlarni samarali tatbiq etish asnosida tarmoq boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Muzokaralar chog‘ida gaz yo‘qotishlarini kamaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda aqlli gaz hisoblagichlari va zamonaviy o‘lchash vositalaridan foydalangan holda milliy intellektual gaz hisobini yuritish infratuzilmasi - Advanced Metering Infrastructure (AMI) tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi.
“Eysasoft Holding Ltd” tomonidan mazkur loyihani moliyalashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan kompleks moliyaviy modellar taqdim etildi. Unda loyihani katta kapital xarajatlarsiz amalga oshirish imkoniyatlarini nazarda tutuvchi zamonaviy yondashuvlar ilgari surildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, taqdimot doirasida pilot loyihani tezkor ishga tushirish, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmlari, shuningdek, texnik va tashkiliy jihatlar batafsil ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, loyihaning jamiyat faoliyatiga ijobiy ta’sirini ta’minlash maqsadida uni har tomonlama o‘rganish va amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA