Gapning indallosini gazeta aytadi
Kechagi hafta davomida gazetalarimiz sahifalari shu kungi yumushlar, muammolarni qamrab oldi.
Bundan bir yilcha burun mamlakatimizga kelgan Koreya Respubliksi jurnalistlarini birlashtiruvchi tashkilot rahbarlari bilan uchrashuvda mehmonlarning bir gapi yodimda qolgan. U internetdan yaxshi foydalanishini, shu bilan bir qatorda, haqiqiy axborotni, voqelikning asl mohiyatini bosma nashrlarni oʻqib bilishini aytgan edi. Shu bois har kunlik bosma nashrlarni, albatta, koʻzdan kechirib, mutolaa qilib borishini taʼkidlagandi.
Toʻgʻrisi, uning gapi hammaga maʼqul boʻladi, degan fikrdan uzoqman. Eʼtirof etishimning boisi shuki, men bu xulosa bilan kelisha olaman. Internet har qancha tezkor xabar yetkazishi, bosma nashrlar kunlar davomida bosib oʻtadigan masofalarni soniyalarda bosib oʻtishi bilan qanchalik ommalashmasin, u hali eng toʻgʻri manba maqomiga daʼvogar boʻla olmayapti, nazarimda. Oʻynab gapirsang ham, oʻylab gapir, aqidasiga amal toʻliq qila olayotgani yoʻq.
Shu sababli bosma nashrlarning oʻrni saqlanib qolyapti jamiyatda. Bugun nashrlarimiz uchun eng muhim mavzu nima? Shu haqda mulohaza yuritar ekanmiz, eng muhim mavzuda, shubhasiz, chin soʻz, tahliliy xulosa xalqqa yetkazilishi masalasi ustuvor boʻlishi kerak, deb oʻylaymiz.. Garchi u kechikibroq yetib borsa-da!
Yurtimizda bosilib chiqayotgan nashrlar (davr taqozosi bilan bosilib chiqmayotganlari ham koʻp) bugun internetdan ortgan bu kabi oʻz yumushlarini amalda bajarayotgani ijobiy hol.
Xoʻsh, gap nima haqda? Gap bugungi gazetalar sharhi zaruriyatini eʼtirof etish haqida. Zotan, har qanday tezkor yetkazilgan xabar ham bosiqlik bilan yozilgan maqola sifatida aholiga yetkazilishiga ehtiyoj bor.
Kechagi hafta davomida gazetalarimiz sahifalari shu kungi yumushlar, muammolarni qamrab oldi.
Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining deyarli har bir sonida koronovirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat, uning asoratlariga qarshi kurashish va oqibatlarini bartaraf etish mavzusida tahliliy materiallar berilgan. Shulardan biri — “Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilaylik!” sarlavhali maqoladir. Muallif — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamovaning taʼkidlashicha, davlat qanchalik boy va qudratli, uning sogʻliqni saqlash tizimi esa qanchalik havas qilsa arzigulik boʻlmasin, agar mamlakatdagi har bir fuqaro oʻz sogʻligʻini, avvalo, oʻzi himoyalamasa, bu bebaho boylikni asrab-avaylamasa, murakkab vaziyatlarda belgilangan tartib-qoidalarga va intizomga rioya etmasa bunday davlat har qanday epidemiya va pandemiyalar qarshisida ojiz qolaveradi.
“Xalq soʻzi” gazetasi sahifalaridan ham bu mavzuda qator chiqishlar joy olgan. Jumladan, 14-iyul sonida eʼlon qilingan “Ijtimoiy muammolardan xoli jamiyatda maʼnaviy va jismoniy immunitet mustahkam boʻladi” sarlavhasi ostida turkum maqolalarda bugungi pandemiya sharoitida mamlakatimizda aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan. Ularning ahamiyati haqida yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari berilgan.
Materialda qayd etilganidek, bugun butun dunyo iqtisodiyotida oʻzgarish kuzatilmoqda — aksariyat ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini toʻxtatgan, xizmat koʻrsatish sohasi xizmatlariga talab esa yoʻq. Odamlar ishsiz, demak, daromadsiz qolmoqda. Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Bu savolga shu yilning 8-iyul kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aniq va loʻnda javob berildi: kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish bugungi pandemiyadan kuchli boʻlib chiqishning birdan-bir yoʻlidir. Maqolada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida aniq misollar orqali ochib berilgan.
“XXI asr” gazetasidagi Ozod Rajabovning “Haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi” maqolasida bir inson taqdirida yuz bergan nohaq ayblov borasida fikr yuritilgan. Aslida bu — eski mavzu. Lekin shunday nohaq ayblovlarga yoʻl qoʻyilayotgan ekan, mavzu takrorlanaveradi. Qarang, Toshkent viloyati sud instansiyalarida kechgan mazkur jarayonda ayblanuvchiga qoʻyilgan aybning oʻzini ayb deb atash mumkin emas ekan. Oʻz xususiy mulkini idora qilish qanday qilib pora olish darajasida malakalangan? Yaxshiyam viloyat sudi kassatsiya instansiyalari Mehriddin Ahmedovning bu ishiga oqlov darajasida xulosa yasadi. Ammo tadbirkorning bir necha yillik faoliyati, kuch-gʻayrati, qolaversa, tinchligi, sogʻligʻi shu nohaq ayblovdan qutilish uchun sarf boʻldi.
Bu oʻrinda Prezidentimiz yaqindagina oʻrtaga tashlagan sudlar faoliyati borasidagi, xususan, bir instansiyada masalani koʻrib chiqishni yoʻlga qoʻyish taklifi va uning ijrosi borasidagi koʻrsatmalari naqadar zarur omil ekanligi yanayam oydinroq sezilib qolyapti.
Mamlakatimizda taʼlim masalasi, nazarimda, bugungidek keng darajada xalq muhokamasiga chiqmagan boʻlsa kerak. Zotan, shunday boʻlishi davr talabi hamdir. Davlatimiz rahbari yaqinda bu boradagi xalq dilidagi savolni oshkor aytdi. Yaʼni nega davlatimizning shuncha yillar davomidagi katta mablagʻi hisobiga tahsil olgan farzandlarimiz oliy taʼlim maskaniga kirish uchun yana mablagʻ sarflab, xususiy taʼlim berayotganlarga, chunonchi, repetitorlarga murojaat qilishi kerak?
“Oila davrasida” gazetasi rang-barang mavzularni qamrab olish asnosida shu mavzuni ham beeʼtibor qoldirmagan. “Yana qancha davom etadi?” sarlavhali maqolada shu haqda fikr yuritilar ekan, haqli ravishda taʼlimdagi sifat mavhumligi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi eʼtirof etiladi.
“Postda” gazetasining sahifalari, shubhasiz, yurtimiz, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlidagi fidoyilik, jasoratli yurtdoshlarimiz haqidagi lavhalarga boy. Gazeta tahririyati jamiyatimizda noqonuniy harakatga qarshi kurashishning asosiy yoʻli tarbiya ekanligiga ham alohida urgʻu berayotganligini alohida eʼtirof etishni istar edim. “Koʻzni oching, degimiz kelaveradi” sarlavhali maqolada muallif Mavluda Zokirova bir oiladagi koʻngilsiz holatlardan xulosa chiqarishga chorlaydi. Axir, oilada murgʻakkina bolajonlar oʻz otalarning boridan yoʻgʻi yaxshi edi, deb nola chekib tursa, bunga kim befarq qaray oladi? Bu maqolani oʻqib, tarbiya rostdanam hayot-mamot masalasi ekanligini yana bir eslasak, ajab emas.
“Milliy tiklanish” gazetasida chop etilgan ona tilimiz taqdiriga oid munozara aslida bugun keng jamoatchilik eʼtiborida. Ayniqsa, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama boʻlgan bu mavzudagi munozarada siyosiy partiya rahbari Alisher Qodirov va olim Azamat Ziyoning xulosalari bilan qatnashishi hech kimni beeʼtibor qoldirmaydi, nazarimda.
“Adolat” gazetasi oʻz sahifalarida “Daxlsiz organga tahdidni qanday baholash mukin?” degan savolni oʻrtaga tashlabdi. Savol bejiz emasligini sezib turibsiz. Xalqimiz orasida, nufuzli idoralarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozralar mavzusi boʻlayotgan voqeliklar haqida gap! Faoliyati daxlsizligi eʼtirof etilgan sudyalarning karantin cheklovlari bahonasida “kechirganlari” nimani bildiradi? Jamiyatning faollashuvinimi yo baʼzi bir masʼul tashkilotlar vakillarining daxlsizlik maqomini tan olmayotganliginimi? Xullas, gazeta bu bahsli munozrani davom ettirgan.
“Vatanparvar” gazetasi oʻz mavzulari doirasini vatanparvarlikning gʻoyaviy qirralarini kengaytirish bilan boyitayotganligi quvonarli, albatta. Gazeta muxbiri Inobat Ibrohimovaning Qirgʻizistonning buyuk adibi Chingiz Aytmatov va qozoq adabiyotining yirik vakili Muxtor Shoxonovlar muloqotidan durdonalar terib yozgan oʻgitnomasi maʼnaviy olamingizni boyitishi, shubhasiz.
“Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash — Zdravooxraneniye Uzbekistana” gazetasida koronavirus talafotidan saqlanish choralariga katta eʼtibor qaratgan. Bu tabiiy, albatta. Xususan, tibbiyot fanlari doktori, professor Gulnora Ibodovaning maslahatlari har bir oila davrasida oʻqib, foydali xulosa qilishiga arziydi.
Biz ushbu sharhimizda sanoqligina nashrlarimiz haqida soʻz yuritdik. Shubhasiz, bu bugungi karantin davri cheklovlari bilan ham bogʻliq. Oʻylaymanki, keyingi sharhlarimizda qolgan nashrlarimiz sahifalari ham keng yoritib boriladi.
Chori Latipov,
“Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist.
* * *
ESLATMA: kelayotgan yakshanbada hafta davomida matbuotda qaysi mavzular qanday yoritilganini “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi Abubakir Oʻrozov sharhlaydi.