Ganjiravondagi muammolar yechim topmoqda
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Oltinkoʻl tumani Ganjiravon mahallasida boʻlib, aholining hayoti, turmush tarzi bilan tanishdi, fuqarolar bilan muloqotlar oʻtkazdi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Oltinkoʻl tumani Ganjiravon mahallasida boʻlib, aholining hayoti, turmush tarzi bilan tanishdi, fuqarolar bilan muloqotlar oʻtkazdi.
Ayni kunda Ganjiravon mahalla fuqarolar yigʻinida beshta koʻcha mavjud. Mahalladagi 1 ming 164 ta oila tarkibida 3,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Dastlab viloyat hokimi mahallaning Tol koʻchasidagi 4-uyda istiqomat qilayotgan Matlubaxon Tursunova xonadoniga tashrif buyurib, oilaning yashash sharoiti bilan tanishdi. Hokim xonadondagi ogʻir ahvolni, yashash uyning umuman talabga javob bermasligini hisobga olib, 2 xonali yangi uy qurib berish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shuningdek, hokim ushbu koʻchada yashovchi Boburjon Tursunov xonadonida boʻldi.
– Belgilangan muddatlarda davolanib turishim kerak, – deydi 2-guruh nogironi Boburjon Tursunov. – Lekin davolanishga moddiy imkonim yoʻqligi tufayli ancha ortga surilyapti, shu bois salomatligim qiynayapti.
Viloyat hokimi B.Tursunovning davolanishi uchun shifoxonaga yoʻllanma, oilasiga kir yuvish mashinasi berildi, shu bilan birga ushbu oilaga 2 million soʻm moddiy yordam ajratish yuzasidan mutasaddi idoralar vakillariga topshiriqlar berdi.
Viloyat rahbari uyma-uy yurib, xonadonlardagi, mahalladagi muammolar bilan yaqindan tanishdi. Mahallaning Intizom koʻchasida istiqomat qilayotgan 1-guruh nogironi Muharramxon Qurbonova xonadoniga kirdi. Ayni kunda oilaning 7 nafar aʼzosi 2 xonali paxsa devorli uyda, qiyin sharoitda yashayotganligidan kelib chiqib, zudlik bilan imkon qadar qisqa muddatda ushbu oilaga 2 xonali yangi uy qurib berish boʻyicha sektor rahbariga topshiriq berdi. Shu kunning oʻzidayoq eski uyni buzish ishlari boshlandi. Oilaga kir yuvish mashinasi hamda koʻmir berildi.
Mahalla hududida yangi qurilib, foydalanishga topshirilgan 47-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlgan viloyat hokimi yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, oʻqituvchi hamda oʻquvchilar bilan suhbatda boʻldi.
Suhbat davomida qurilish yakunlangan boʻlsa-da, maktabning kirish qismidagi 30 metr uzunlikdagi yoʻl asfaltlanmagani, yomgʻir yogʻgach, yoʻlak loy boʻlib, oʻquvchi va ustozlarning kirib-chiqishga ancha qiynalayotganligi maʼlum boʻldi. Quruvchilar tomonidan darhol yoʻlni asfaltlash ishlari boshlab yuborildi.
Mahalla hududida maktabgacha taʼlim tashkiloti yoʻqligi ham eʼtiborga olindi. Maktabning hozirda foydalanilmayotgan eski binosi taʼmirlanib, maktabgacha taʼlim tashkilotiga moslashtirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimi hududdagi Intizom, Ganjiravon, Yoshlar, Tol, koʻchalarida boʻlib, mavjud holatni oʻrganish jarayonida koʻp yillardan buyon yechimini kutayotgan, fuqarolarni qiynab kelayotgan qator muammolar oʻz yechimini topdi.
Hokim tashrifi doirasida hududdagi aholining yashash sharoitlarini yaxshilash bilan bir qatorda, ularning salomatliklari ham koʻrikdan oʻtkazildi. Shifokorlar tomonidan uyma-uy yurib oʻtkazilgan tibbiy koʻrik davomida 211 nafar fuqaroning salomatligi tekshirilib, zarur tavsiya va maslahatlar berildi. Davolanishi zarur boʻlgan fuqarolarga tibbiy muassasalarda davolanish uchun yoʻllanmalar berildi.
– Aholining turmush farovonligini oshirishga, salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan eʼtibordan fuqarolarimiz, ayniqsa, ayollarimiz quvondi, – deydi mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi Nafisaxon Yoʻldosheva. – Xususan, tibbiy koʻrikdan oʻtgan, davolanishga yoʻllanma olganlarning koʻpchiligini ayollar tashkil etdi.
Viloyat hokimining bevosita oʻrganishi natijasida yogʻingarchilik kunlarida harakatlanish mushkul boʻlgan 830 metr uzunlikdagi yoʻlini shagʻallash, hududdagi taʼmirga muhtoj 2 koʻprikni yangilash, 600 metr masofaga ichimlik suvi tarmogʻi tortish, 1 ta 100 kVt kuchlanishdagi transformator oʻrnatish, koʻchalardagi talabga javob bermaydigan 130 ta simyogʻochlarni temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarning muammo va tashvishlarini hal etish, ogʻirini yengil qilish yoʻlida olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar, fuqarolarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik yurtdoshlarimizning davlatga, ertangi kunga, mamlakatimizning porloq kelajagiga boʻlg
an ishonch va umidin
i mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, yurt ravnaqi yoʻlida shijoat bilan mehnat qilishga, fidoyi boʻlishga undamoqda.