“G‘amxo‘rlik” markazi ish tajribasi ommalashtiriladi
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Namangan viloyatining Pop tumanidagi erkaklar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida respublika amaliy seminari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 27-apreldagi “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan amaliy natijalar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlandi.
Agentlik va uning viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy tashkilotlari mas’ul xodimlari, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan “G‘amxo‘rlik” markazlari rahbarlari ishtirokidagi anjumanda Pop tumanidagi “G‘amxo‘rlik” markazi direktori Sardor G‘iyosov muassasada imkoniyati cheklangan kishilarga shart-sharoitlar, mehnat terapiyasi asosida yo‘lga qo‘yilgan loyihalar, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ijtimoiylashuv borasida erishilgan natijalar haqida batafsil gapirib berdi.
320 o‘ringa mo‘ljallangan markazda bugungi kunda 25 dan ortiq kasbiy va tadbirkorlik loyihalari faoliyat yuritib, 200 nafardan ziyod yashovchi ularga jalb etilgan. Parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik, gidroponika, nonvoylik va boshqa yo‘nalishlarda tashkil etilgan mehnat terapiyasi loyihalari yashovchilarning mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiylashuv yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Mehr maskaniida tashkil etilgan “murabbiy kuzatuvidagi xonalar” va kichik hajmli uylar orqali 54 nafar kishi mustaqil hayotga tayyorlanmoqda. Shuningdek, ijtimoiy xodimlar tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan videomuloqotlar natijasida 98 nafar shu yerda turuvchining qarindoshlari bilan aloqalari tiklanib, 64 nafari qisqa muddatli ta’til asosida oila bag‘riga qaytarilgan.
Seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, markazning ilg‘or tajribalarini hududlarda ommalashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil hayot ko‘nikmalarini rivojlantirish va jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan taklif-tashabbuslar muhokama qilindi.
Mazkur seminar o‘zaro tajriba almashish, erishilgan yutuqlarni tahlil qilish hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashda muhim muloqot maydoniga aylandi.
[gallery-29941]
Tadbir yakunida, mehmonlar Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilayotgan 65-xalqaro gullar festivalida bo‘lib, betakror go‘zallik va bayramona muhitdan zavqqa to‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA