G‘alla o‘rim-yig‘imiga rasman start berildi
Boyovut tumani dalalarida 2026-yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga rasman start berildi. Pishib yetilgan boshoqlar zamirida yil davomida qilingan mehnat va agrotexnik tadbirlar natijasi mujassam. Bugungi mavsum esa nafaqat hosilni yig‘ish, balki har bir donni asrab-avaylash, samaradorlik va mas’uliyat sinoviga aylandi.
Joriy yilda tumanda 11 ming 500 gektar maydonda g‘alla yetishtirilgan bo‘lib, hosil to‘liq pishib yetildi. Har bir dala qatorida yetishtiruvchilarning yillik mehnati, agrar sohadagi izchil islohotlar va fermerlarning tajribasi mujassam.

O‘rimni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida tumanda 20 ta o‘rim otryadi shakllantirildi. 40 ta zamonaviy g‘alla o‘rish kombaynlari to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ishlash holatiga keltirildi. Barcha jarayonlar hosilni o‘z vaqtida, yo‘qotishlarsiz yig‘ib olishni ta’minlashga qaratilgan.

Shu munosabat bilan tumanda amaliy seminar tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi, tuman hokimligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullari ishtirok etishib, dalalardagi texnika holati va tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar.
Amaliy muloqotlarda otryad rahbarlari, mexanizatorlar, fermerlar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, o‘rim-yig‘im mavsumini xavfsiz, tizimli va samarali tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi. Xususan, texnika va yong‘in xavfsizligi va ish jarayonlarini uzluksiz boshqarish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari esa mavsumga tayyorgarlik, yerdan unumli foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi.
– G‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan, eng muhimi, yo‘qotishlarsiz o‘tkazish borasida tashkil etilgan ushbu seminar biz fermerlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu jarayon o‘tgan yilgi natijalarni tahlil qilish va yangi mavsum rejalarini yanada puxta belgilash imkonini berdi.

O‘tgan yil biz uchun muhim tajriba maktabi bo‘ldi. Ukam Avazbek Jo‘rayevga tegishli “Zukko-Ziyo-Lochin” fermer xo‘jaligida 103 gektar maydonning 60 gektariga bug‘doyning “Asr” navi ekilgan bo‘lib, gektaridan o‘rtacha 65 sentner hosil olindi. Shu orqali tuman bo‘yicha birinchi bo‘lib shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi. Shuningdek, men rahbarlik qilayotgan “Sanjarbek Jo‘rayev” fermer xo‘jaligi hamda o‘g‘lim boshqaruvidagi “Nosirjon-Adhambek-Sanjarbek” fermer xo‘jaligi maydonlarida ham o‘rtacha 60 sentnerdan hosil olishga erishdik.
Bu yilgi maqsadimiz ham aniq: g‘alla hosilini isrofsiz, o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish. Shu bilan birga, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida mosh ekib, yerdan samarali foydalanish va qo‘shimcha daromad manbalarini oshirishni rejalashtirganmiz, – deydi Boyovut tumanidagi 3-Boyovut suv iste’molchilari uyushmasi raisi, “Sanjarbek Jo‘rayev” fermer xo‘jaligi rahbari Namoz Jo‘rayev.
Mutasaddilar tomonidan mavsum davomida texnikadan samarali foydalanish, ishlarni qat’iy reja asosida tashkil etish hamda har bir bosqichda xavfsizlik talablariga amal qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri