G‘alla mavsumiga tayyorgarlik
Joriy yilda Andijon viloyati g‘allakorlari tomonidan 69 ming 134 gektar maydonga g‘alla ekilgan. Ayni kunda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla pishib yetilmoqda. Yetishtirilgan ana shu g‘allani nobud qilmay yig‘ishtirib olish, g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan, betalafot o‘tkazish, ayniqsa, g‘allani yong‘indan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligi borasidagi ishlarni o‘z muddatida va yuqori saviyada tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari, fermer xo‘jaliklari, tajribali dehqonlar bilan hamkorlikda yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.

Viloyatda g‘alla o‘rimiga jalb etiladigan 260 ta kombayn, avtotransport va boshqa texnika vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 3 ta donni qayta ishlash va ularga qarashli 11 ta donni qabul qilish va saralash korxonalarida mavsumga tayyorgarlik, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.

Monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Jamoalarda suhbatlar, mas’ul xodimlar, ishchi-xizmatchilar orasida tushuntirish ishlari, shuningdek, taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, donni qayta ishlash korxonalari mas’ullari, kombayn operatorlari, yoqilg‘i tashuvchi maxsus texnikalarning haydovchilari, fermer xo‘jaliklarining ishchi-xizmatchilari yo‘riqnomadan o‘tkazilmoqda.

– “G‘alla-2026” mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida panno va shiorlar tayyorlanib, serqatnov yo‘llar chetlariga o‘rnatildi, – deydi Andijon viloyati FVB boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan Hayotbek Rahimov. – Shuningdek, targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha murojaatnoma, panno, eslatma va plakatlar tayyorlanib, aholi ko‘p yig‘iladigan joylarga, shiyponlarga, g‘allani qabul qilish, saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga ilib qo‘yildi.

Ayni kunda g‘alla o‘rimi mavsumida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar yakuniga yetkazilmoqda. Mavsumini betalafot o‘tkazish, eng muhimi, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan g‘allani o‘z vaqtida, isrof qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun zarur ishlar olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.