G‘alla – 2022: Kombaynlar mavsumga shay
G‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik avjida. Hademay kombaynlar bug‘doyzorlarga oralaydi.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 11 may kuni g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu yig‘ilish haqiqiy ma’noda barcha g‘allakorlar uchun imkonyatlar eshigini yanada kengroq ochdi. Taqdim etilgan imkoniyatlar mavsum oldidan yer egalari, mehanizatorlar qatori sohaga aloqador korxonalar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Shunga mos ravishda Qashqadaryoda yetishtirilgan g‘allani nes-nobud qilmay yig‘ishtirib olishga aolohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 26 ta g‘allachilik klasterlari tashkil qilinib, 2022 yil hosili uchun 140 ming gektar suvli maydonlarda 6600 nafar fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida boshoqli don hosili yetishtirilmoqda. Har bir gektardan o‘rtacha 69,7 sentnerdan jami 360 ming tonnadan ziyod g‘alla yetishtirish ko‘zda tutilgan. Belgilangan rejani bajarish, g‘alla o‘rim-yig‘imini o‘z muddatida va sifatli tashkil etish maqsadida 379 ta texnika, jumladan “Keys”, “Klas” va boshqa rusumli don o‘rish kombaynlari “Agroservis MTP” MCHJning tuman filiallarida markazlashgan holda yig‘ilib, ta’mirlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan barcha ishlar nazoratga olindi. Ayni kunda operatorlar bilan mavsum oldi targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Inspeksiyaning ko‘chma diagnostika maxsus avtomashinasida har bir kombayn ko‘rikdan o‘tkazilib, sertifikatlar topshirildi. Xususan, Nishon Agroservis mashina traktor parkida ham mavsum oldi targ‘ibot ishlari olib borildi, kombaynlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Viloyat tumanlari ichida eng ko‘p kombayn Nishon tumanida bo‘lib, bugun 65 ta yuqori unumli kombaynlar mavsumga shay, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi katta inspektori Shokir Tojiyev. – Bugun 9 xil turdagi ko‘chma diagnostik vositalari asosida yana bir bor texnik ko‘rik tashkil etildi va kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda. Mavsumga shay kombaynlar tegishli ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida qabul qilinib, sertifikatlar topshirildi.
Viloyatning barcha tumanlarida mas’ul rahbarlar tomonidan o‘quv amaliy seminarlari tashkil etildi. Seminarlarda o‘rim-yig‘im mavsumini betalofat o‘tkazish, har bir donni isrof qilmasdan yig‘ib olish va joriy yilda har yilgidan farqli ravishda, o‘rim muddatini kamida 10 kunga qisqartirish, bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mavsumni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 176 ta o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etilib, don o‘rish kombaynlaridan tashqari yana 1738 dona don tashish transportlari, 67 ta yoqilg‘i moylash mahsulotlari quyish texnikalari hamda 118 ta ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, ular uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Shuningdek, har bir kombaynning kunlik ish unumi hisob-kitob qilinib, g‘allakorlar tomonidan yetishtirilgan 140 ming gektar maydondagi g‘allani nes-nobud qilmay, qisqa muddatlarda o‘rib-yig‘ib olish rejalashtirilgan.
– Don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, qayta ishlash hamda ularni ichki tashishlarni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi O‘zagroinspksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Asror Norqulov. – Ayni shu maqsadda, hosilni yig‘ishtirib olishga tayyorgarlik ishlarining qonuniy va sifatli bajarilishi yuzasidan “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Jumladan, 2022 yil g‘alla hosilida Qashqadaryo viloyatidagi 5 ta don korxonalari va ularni joylardagi 17 ta don qabul qilish shahobchalarini mavsumga tayyorgarlik ko‘rish borasida, don qabul qilishga mas’ul bo‘lgan moddiy javobgar shaxslariga nisbatan Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi yuzasidan 22 ta ogohlantirishlar berilib nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Nishon don qabul qilish maskanida 2022 yil hosili uchun 28 ming tonna don qabul qilinishi belgilangan. Shundan 3 ming 296 tonna urug‘lik, 24 ming 704 tonna tovar don. Maskanda 3 ta ochiq maydon, 2 ta o‘n ming tonnalik yopiq sig‘im, 1 ta 3 ming tonnalik urug‘lik don saqlash uchun mo‘ljallangan ayvon, 6 ta urug‘lik maydoni mavjud. Hududda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Donni saqlashga mo‘ljallangan maxsus yopiq sig‘imli omborlar ta’mirlanib, dezinfeksiya ishlari bajarildi. Boshoqli donni qabul qilish, yuklash va jo‘natish uchun yuk mashinalarini o‘lchaydigan vositalar bilan jihozlandi.
Maskanda mavjud barcha texnika vositalari ta’mirdan chiqarib soz xolatga keltirildi. Laboratoriya jihozlari asbob uskunalar ko‘rikdan o‘tkazilib standartlashtirildi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha ham ishlar amalga oshirildi.
Albatta, zalvorli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa fursatda, nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish esa bugunning muhim vazifasi hisoblanadi.
[gallery-7199]
O‘lmas Barotov, O‘zA
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA