"G‘alaba muzeyi" zallariga ekskursiya
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari axborot agentliklari jurnalistlari uchun o‘tkazilayotgan “G‘alaba yo‘llari” nomli xalqaro media-tur qatnashchilari Moskva shahridagi G‘alaba muzeyida bo‘ldi.
Dastlab muzeyda urush qatnashchilari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.
G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan joriy yilda ochilgan “G‘alaba sari yo‘l” deya nomlangan yangi ekspozitsiya bilan tanishildi.
– G‘alaba muzeyi Rossiya Federatsiyasidagi, shu bilan birga Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan dunyodagi eng katta muzeylardan hisoblanadi, – deydi Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi G‘alaba muzeyi direktori Aleksandr Shkolnik. – Bu yerda Ikkinchi jahon urushida sobiq ittifoq xalqlari ko‘rsatgan jasorat, fashizmga qarshi mardonavor kurash haqida hikoya qiluvchi noyob ekspozitsiya va qimmatli eksponatlar, noyob ashyolar mavjud. Va, eng muhimi, bu ekspozitsiyalar har yili boyitilib, ma’lumotlar to‘ldirib borilmoqda. Bu yil G‘alabaning 80 yilligiga biz ham o‘ziga xos sovg‘a sifatida M. Grekov nomidagi harbiy rassomlar studiyasi ijodkorlari asarlari asosida "G‘alaba sari yo‘l" nomli tarixiy-multimedia ekspozitsiyasi yaratdik.
Olti bo‘limdan iborat ko‘rgazma Moskva uchun jang tafsilotlari aks etgan multimediali lavha bilan boshlanadi. Unda poytaxt uchun dushman tomonidan tayyorlangan operatsiyaning sobiq ittifoq qo‘shinlari tomonidan barbod etilishi va Moskva uchun mardonavor kurash haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, mazkur ekspozitsiyada
Stalingrad jangi, Leningrad qamali,Kursk qal’asi, Dnepr daryosi uchun bo‘lgan jangovor va g‘alaba sari dadil qadam bo‘lgan kurashlar haqidagi ma’lumotlar film, tarixiy ashyolar va mudtimediali tasvirlar orqali ko‘rsatib berilgan. Ekspozitsiya "Berlinga hujum" nomli bo‘lim bilan yakunlanadi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Madaniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan “G‘alaba yodgorliklari” interaktiv majmuasi yangi ko‘rgazmaning o‘ziga xos qismidir. Ushbu bo‘limdagi 160 dan ortiq eksponat urush qahramonlari va ularning shaxsiy hikoyalariga bag‘ishlangan.
[gallery-25338]
Bundan tashqari, muzeyda yangi tashkil etilgan “G‘alaba yuzi” nomli ekspozitsiya Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqidagi ma’lumotlardan iborat bo‘lib, bu ma’lumotlar fuqarolar tomonidan to‘ldirilishi ham mumkin. Buning uchun elektron platforma yaratilgan.
G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari
Rossiya Federatsiyasi, Moskva shahri..