G20 sammiti keskin va eng beqaror pallada o‘tyapti
Bu haqda Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida chiqish qilgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
BMT rahbari “Katta yigirmalik”ni iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq muammolarni, jahon oziq-ovqat va energetika inqirozini hal etish, shuningdek, raqamli tranformatsiya sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, deb xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.
“Ushbu sammit – kelishmovchiliklarni bartaraf qilish, turli inqirozlarga javob izlash maydonidir”, – deya ta’kidladi janob Guterrish.
Iqlim o‘zgarishi davrimizning eng jiddiy chaqirig‘i ekanini inobatga olib, Bosh kotib “G20” yetakchilariga global chiqindining 80 foizi aynan shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelishini eslatdi.
“Davlat yetakchilari iqlim bo‘yicha birdamlik paktini qabul qilishi yoki bekor qilishi mumkin. Men esa ertaga bu hujjatni yana qaytadan kiritmoqchiman. Ushbu paktga muvofiq, qudratli davlatlar o‘n yil ichida global haroratni 1,5 darajada ushlab turish uchun qo‘shimcha sa’y-harakatlarni ishga solishi zarur”, – qo‘shimcha qildi Antoniu Guterrish.
Eslatib o‘tamiz, BMT Iqlim bo‘yicha konferensiyasi doirasida tashkilot rahbari rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga butun sayyoramiz aholisi farovonligi yo‘lida resurs va imkoniyatlarni birlashtiradigan Iqlim bo‘yicha birdamlik pakti tuzishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boy davlatlar va xalqaro moliyaviy institutlar rivojlanayotgan yurtlarga qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirish uchun moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishi lozim.
G. Abdullayeva, O‘zA