G‘oliblar Toshkentga boradi
Nukusda “Kasaba – tur” velomarafonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nukusda “Kasaba – tur” velomarafonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkilot, korxona va muassasalar xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning mehnat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan mazkur marafonning ushbu bosqichida 200 dan ziyod havaskor velosportchi ishtirok etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, 20-35 yoshdagi ishtirokchilar orasida nukuslik Pana Davletboyev hamda Bibioyim Boynazarova, 35 yoshdan kattalar o‘rtasida shumanaylik Bekpo‘lat Berdiboyev va nukuslik Svetlana Jeleznyova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
– Sport – salomatlik garovi, deb bejiz aytishmaydi, – deydi B.Berdiboyev. – Yoshligimdan velosportga qiziqaman. Bugun g‘oliblar safida kelganimdan xursandman. Mamlakat bosqichida ham g‘alabani qo‘lga kiritish niyatidaman.
Tadbirda “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng epchil havaskor velosportchi”, “G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng faol ayol ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.