G‘oliblar aniqlandi
“Mahallamiz pahlavonlari” respublika an’anaviy turnirining Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Mahallamiz pahlavonlari” respublika an’anaviy turnirining Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, viloyat madaniyat va sport ishlar boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan turnirda 36 nafar kurashchi 6 vazn toifasida gilamga tushdi.
– Umuminsoniy qadriyatlarga aylangan halollik, bag‘rikenglik va insonparvarlik kabi fazilatlarni o‘zida mujassam etuvchi o‘zbek kurashini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ular orasidan iste’dodlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash maqsadi ko‘zlangan mazkur musobaqaning nufuzi yildan-yilga ortib borayotir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Mahmud Toirov. – Agar o‘tgan yilgi turnirning quyi – mahalla bosqichida 14 mingga yaqin 13-14 yoshli o‘g‘il-qiz ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal ular soni 16 mingdan oshdi.
Musobaqa yakunida o‘z vazn toifasida shofirkonlik Sharof Sadriddinov, Gulshod Qurbonova, Xurshida Valiyeva, Olot tumanidan Javlon Xayrullayev, Oydina Tohirova, Qorako‘ldan Asadbek Norqulov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Umumjamoa hisobida Qorako‘l tumani vakillari birinchi o‘rinni egalladi. Shofirkon tumani yosh polvonlari ikkinchi va jondorliklar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.